AQSHda migrantlar uchun mo‘ljallangan qamoqxonalar kengaytiriladi
Olam
−
15 avgust 3651 2 daqiqa
AQSHda migrantlar uchun mo‘ljallangan qamoqxonalarning sig‘imi ikki baravar oshiriladi va 2026 yil boshiga borib bu sig‘im 107 mingdan ortadi. Bu haqda AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) ichki hujjatlariga tayanib, “Washington Post” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, hozirda migrantlar uchun qamoqxonalar 50 mingga yaqin kishini sig‘dira oladi. Rejaga ko‘ra, 125 ta yangi qamoqxona quriladi yoki mavjudlari kengaytiriladi. Bu dastur joriy yilning iyul oyida Kongress tomonidan tasdiqlangan 45 milliard dollarlik byudjet hisobidan moliyalashtiriladi.
“Washington Post” ma’lumotiga ko‘ra, ICE butun bir oilalarni hibsda saqlash imkoniyatiga ega muassasalarni kengaytirishga e’tibor qaratadi. Uchta yangi oilaviy hibsxona qurish yoki mavjudlarini kengaytirish orqali jami 5,700 dan ortiq joy yaratiladi. Bu hukumat ota-onalar va bolalarni birgalikda deportatsiya qilishni keskin oshirish niyatini ko‘rsatadi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 20 yanvar kuni Donald Tramp prezidentlik inauguratsiyasi paytida AQSH hududiga noqonuniy migrantlarning kirishini darhol to‘xtatishni va millionlab migrantlarni chiqarib yuborish jarayonini boshlashni va’da qilgan edi. Shuningdek, u mamlakat janubiy chegarasidagi vaziyat bo‘yicha favqulodda holat rejimini joriy etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp noqonuniy migrantlarga qarshi kurashni boshlagach, AQSHda ularning soni deyarli bir millionga kamaygani xabar qilingandi. Hisobot mualliflarining taxminicha, AQSH fuqaroligiga ega bo‘lmagan chet elliklar “Trampning prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasi va huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan migrantlarni chiqarib yuborishga doir sa’y-harakatlarning faollashuvi” fonida mamlakatni tark etmoqda.
Live
Barchasi