AQSHda samolyot simyog‘ochga urilib, qulab tushdi (video)
Olam
−
22 aprel 4178 1 daqiqa
Kecha, 21 aprel kuni AQSHning Los-Anjeles shahrida kichik samolyot parvoz paytida elektr uzatish tarmog‘iga tegib ketishi oqibatida qulab tushdi. Uchuvchi omon qolgan, biroq ahvoli o‘ta og‘ir. Bu haqda “Fox 11” xabar berdi.
Los-Anjeles o‘t o‘chirish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot halokati haqidagi xabar mahalliy vaqt bilan ertalab soat 11:08 da kelib tushgan. Samolyot avtoehtiyot qismlar do‘konining to‘xtash joyiga qulagan, yaqin atrofdagi hudud aholisi esa elektr ta’minoti uzilganidan shikoyat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, samolyot simlarga urilgan va shundan so‘ng qulagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda guvohlar 70 yoshli uchuvchini chiqarib olish uchun samolyot bo‘laklarini ko‘tarishga harakat qilayotganini ko‘rish mumkin. Hozirda u shifoxonada, ahvoli og‘ir darajada.
Qayd etilishicha, elektr uzatish tarmoqlarining uzilishi ushbu hududda elektr energiyasining keng ko‘lamli o‘chishiga, shuningdek, svetoforlar ishida muammolarga olib kelgan, bu esa ayrim yo‘llarda transport kollapsini keltirib chiqargan.
“Pakoima tumanining ba’zi aholisi xavfsizlik muammolari, shuningdek, havo ifloslanishi va doimiy shovqinni vaj qilib, “Uaytman” aeroportini yopishni ko‘p yillardan beri talab qilib kelmoqda”, deb qayd etadi telekanal.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Arizona shtatida yengil motorli samolyot qulashi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi