AQSHda so‘nggi 1 sentlik tanga zarb etildi
Olam
−
13 noyabr 2537 2 daqiqa
AQSH hukumati bir sentlik tangalarni zarb etishni to‘xtatdi. Bu qaror pennining dolzarbligi yo‘qolgani va ishlab chiqarish qimmatga tushayotganligi bilan izohlangan. Bu haqda AQSH Moliya vazirligiga tayanib, “The New York Times” xabar beradi.
AQSHda penni 232 yil davomida chiqarib kelingan. Nashrning yozishicha, zarb etish xarajatlarining oshishi iste’molchilarning xatti-harakatlari va texnologiyalardagi o‘zgarishlar oqibatida pennining chiqarilishi “moliyaviy jihatdan barqaror bo‘lmagan” va keraksiz holga kelgan. Bir dona tangani ishlab chiqarish narxi 3,69 sentga yetgan, o‘n yil avval esa bu ko‘rsatkich 1,42 sent bo‘lgan.
So‘nggi pennilar kecha, 12 noyabr kuni Filadelfiyada zarb etilgan. Shunga qaramay, tanga qonuniy to‘lov vositasi maqomini saqlab qoladi.
Qayd etilishicha, AQSH Moliya vazirligi may oyidayoq penni zarb etishni to‘xtatish rejalari haqida xabar bergan. O‘shanda vazirlik tangalar uchun so‘nggi bo‘sh shtamplar partiyasi buyurtma qilinganini bildirgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp esa fevral oyidayoq Moliya vazirligiga pennini ishlab chiqarishni to‘xtatish topshirig‘ini bergan, uni “isrofgarchilik” deb atagan. Uning topshirig‘idan so‘ng yoqilg‘i quyish shoxobchalari, tezkor ovqatlanish tarmoqlari va yirik do‘konlar narxlarni hamda naqd hisob-kitoblarni yaxlitlash boshlagan.
Penni 1792 yilda AQSHda zarbxona tashkil etilganidan keyin bosib chiqarilgan birinchi tangalardan biri bo‘lgan. Zarbxona saytida qayd etilishicha, dastlabki penni erkinlikni ifodalovchi, sochlari hilpirab turgan ayol tasviri bilan bezatilgan bo‘lib, u to‘liq misdan yasalgan. Shu vaqtdan buyon pennining dizayni va tarkibi bir necha bor o‘zgartirilgan. Masalan, 1909 yilda Avraam Linkoln tavalludining 100 yilligi munosabati bilan u AQSH tangalarida tasvirlangan birinchi prezidentga aylangan. Hozirgi penni esa mis va rux aralashmasidan tayyorlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonda mamlakatning milliy valyutasi – somoni joriy etilganining 25 yilligiga bag‘ishlab 100 somonilik yubiley banknotalar muomalaga chiqarilgandi.
Live
Barchasi