AQSHning ulkan esminetsi Isroilga kirdi
Olam
−
31 yanvar 5680 2 daqiqa
AQSH Harbiy-dengiz kuchlariga tegishli USS Delbert D. Black kemasi Qizil dengiz bo‘yida joylashgan Isroilning Eylat portiga kirib keldi. Bu haqda Ynet portali xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tashrif oldindan rejalashtirilgan bo‘lib, u Isroil Mudofaa armiyasi va AQSH harbiylari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilmoqda.
Bu voqea Eron atrofidagi keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron tomonga katta miqdordagi harbiy-dengiz kuchlari yuborilayotganini ma’lum qilgan va ularni “ulkan armada” deb atagan edi.
Tramp Eronni muzokaralar stoliga o‘tirishga chaqirib, “adolatli va teng huquqli” kelishuv tuzilishiga umid bildirgan. Uning ta’kidlashicha, bu kelishuv Eronning yadro qurolini ishlab chiqishdan to‘liq voz kechishini nazarda tutishi kerak.
Trampning ogohlantirishicha, agar vaziyat keskinlashsa, bundan ham kuchliroq hujum amalga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, u bunday ssenariydan qochish zarurligini alohida ta’kidlagan.
“The Times of Israel” nashrining muxbiri X ijtimoiy tarmog‘ida AQSH kompaniyasiga tegishli platformada surat joylashtirgan. Unda esminets Eylat yaqinida, qirg‘oqdan uncha uzoq bo‘lmagan masofada turgani aks etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Eron yadroviy kelishuvni qabul qilmasa, Tehronga qarshi harbiy zarba berilishi mumkinligi bilan tahdid qilgandi.
Shundan so‘ng Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Tehron har qanday tajovuzga darhol va qat’iy javob berishga tayyorligini bildirdi. Uning aytishicha, Eron Qurolli kuchlari to‘liq shay holatda va 12 kunlik urushdan olingan saboqlar yanada tez, kuchli va samarali javob berish imkonini beradi.