“Al-Nasr”ga transfer taqiqi qo‘yildi
Sport
−
20 dekabr 1333 1 daqiqa
Saudiya Arabistonining Krishtianu Ronaldu to‘p suradigan “Al-Nasr” klubiga FIFA yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqladi. Bu haqda “A Bola” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, FIFA tomonidan qo‘llangan ushbu sanksiyalar kecha, 19 dekabr kuni kuchga kirgan, biroq qarorning aniq sabablari hozircha ochiqlanmagan. FIFA rasmiy saytida transfer oynalari haqidagi bo‘limda faqatgina “bekor qilinmaguncha” degan izoh keltirilgan.
Qayd etilishicha, FIFA sanksiyalariga Saudiya Arabistonining boshqa klublari – “Ash-Shabab”, “Damak” va “Ar-Riyod” ham duch kelgan.
Bu taqiq “Al-Nasr” uchun FIFA tomonidan qo‘llangan birinchi sanksiya emas. Xususan, 2023 yilda klub transfer qoidalarini buzgani sababli uchta transfer oynasi davomida futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish huquqidan mahrum etilgan edi. Keyinchalik masala 2 million yevro miqdoridagi jarima to‘langanidan so‘ng hal qilingan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning yozida “Al-Nasr” transfer bozorida 100 million yevrodan ortiq mablag‘ sarflab, Joau Feliks, Inigo Martines, Kingsli Koman va Mohamed Simakan kabi taniqli futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olgan edi.
Live
Barchasi