Jahon chempionatining rasmiy posteri taqdim etildi
Sport
−
04 mart 2604 2 daqiqa
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) o‘zining rasmiy veb-saytida AQSH, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadigan 2026 yilgi Jahon chempionatining rasmiy posterini taqdim etdi.
Afishada to‘p tepayotgan futbolchining oq silueti aks etgan bo‘lib, uning qiyofasida turnir mezbonlari – Kanada, Meksika va AQSH hududlari ramziy tarzda mujassamlangan. Fon uch rangda bezatilgan: Kanada uchun qizil, Meksika uchun yashil va AQSH uchun ko‘k. Shuningdek, unda muxlislar tasviri hamda har uch mamlakatning milliy ramzlari joy olgan.
Ta’kidlanishicha, Jahon chempionati tarixida ilk bor rasmiy poster uch nafar rassom hamkorligida yaratilgan. Ular – kanadalik Karson Ting, meksikalik Minerva GM va amerikalik Xenk Uillis Tomas.
“Rasmiy turnir afishasi ushbu noyob lahzaning hamkorlik, hayajon va birdamlik ruhini ulug‘laydi. Jahon chempionati tarixida birinchi marta uch rassom birlashib, rasmiy poster yaratdi. Ular o‘z iste’dodi va badiiy uslublarini uyg‘unlashtirib, futbolga bo‘lgan umumiy ishtiyoq dunyoni qanday birlashtirishini aks ettiruvchi asar yaratdilar”, deyiladi rasmiy xabarda.
Shuningdek, FIFA turnir o‘yinlariga mezbonlik qiladigan 16 ta shaharning rasmiy plakatlarini ham e’lon qilgan.
“Ushbu san’at asarlari to‘plami Jahon chempionati mezbon shaharlariga bag‘ishlangan rasmiy plakatlarning ilk seriyasi sifatida tarixga kiradi”, deya ma’lum qildi tashkilot.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron va AQSH o‘rtasidagi keskinliklardan so‘ng, Eron Futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj Eron terma jamoasi 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etmasligini ma’lum qilgandi.