Ilhom Aliyev Mirziyoyevni “uzoqni ko‘ra oladigan siyosatchi” deb atadi (video)

Jamiyat

image

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning amalga oshirayotgan ishlariga to‘xtalib, uni uzoqni ko‘ra olish qobiliyatiga ega siyosatchi sifatida e’tirof etdi. Bu haqda u bugun, 16 noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqida aytdi.

“Avvalo, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining yettinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etish taklifi uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildiraman. O‘zbekiston tomoniga an’anaviy mehmondo‘stligi uchun tashakkur bildiraman. Birodarim Shavkat Miromonovichning dono rahbarligi ostida O‘zbekiston rivojlanish va bunyodkorlik yo‘lidan ishonchli tarzda bormoqda”, dedi u.

Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Mirziyoyevning yuqori xalqaro mavqei, samarali iqtisodiy islohotlari, sanoat, transport va qishloq xo‘jaligidagi keng ko‘lamli loyihalari O‘zbekistonni mintaqada yetakchi mavqega ko‘targan.

“Prezidentning kundalik g‘amxo‘rligi tufayli O‘zbekiston dunyoning yetakchi sport davlatlari qatoridan joy olgan. Yaqinda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiada o‘yinlari buni yaqqol ko‘rsatdi. Shavkat Miromonovich nafaqat dono davlat arbobi, balki O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan insondir”, ta’kidlaydi u.

Uning aytishicha, Ozarbayjonda Mirziyoyev o‘zining aniq harakatlari va Ozarbayjon xalqiga bo‘lgan mehrli munosabati uchun seviladi va hurmat qilinadi.

“Uzoqni ko‘ra oladigan siyosatchi Shavkat Miromonovich Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon o‘rtasida yaqinroq hamkorlik zarurligini aniq ko‘radi. Yana bir bor, hurmatli Shavkat Miromonovich, barchasi uchun katta rahmat”, dedi Aliyev.

Ozarbayjon yetakchisi o‘z nutqida davlatlar rahbarlari bilan Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurganiga to‘xtaldi. Uning urg‘ulashicha, Prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu markaz uning O‘zbekistonning boy madaniy merosiga bo‘lgan sadoqatining yana bir dalilidir.

“Ba’zi mamlakatlarda dinimizga qarshi hujumlar kuchayib, islomofobiya tizimli tus olayotgan bir paytda, Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi butun dunyoga Islomning ijodkorlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va birodarlik dini ekanini namoyish etadi. Islom olamining taniqli shaxslari global ilm-fan va madaniyatga ulkan hissa qo‘shgan va Islom sivilizatsiyasi markazi buni yaqqol namoyish etadi. Ishonchim komilki, o‘zining noyob ko‘rgazmalari bilan Toshkentdagi ulug‘vor Islom sivilizatsiyasi markazi butun islom olami uchun faxr manbayi bo‘ladi”, deydi Ilhom Aliyev.

Ozarbayjon Respublikasi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilindi.

Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov uchrashuvda O‘zbekistonga doimo o‘zgacha tuyg‘u bilan kelishini aytgandi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev esa Prezident Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida bergan barcha takliflarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida faxriy mehmon sifatida ishtirok etish uchun Ilhom Aliyev amaliy tashrif bilan Toshkentga kelgani va Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ham Toshkentga kelgan va Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazgandi. Ular Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi va “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimida ishtirok etdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan bugun, 16 noyabr kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida bir qator tashabbuslarni ilgari surdi


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ozarbayjon Ilhom Aliev Markaziy Osiyo Islom tsivilizatsiyasi markazi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing