Alkogol iste’moli aqliy zaiflikka chalinish xavfini oshiradi – tadqiqot
Salomatlik
−
26 Sentabr 2378 2 daqiqa
Spirtli ichimliklarni istalgan miqdorda iste’mol qilish demensiya (aqliy zaiflik) xavfini oshiradi. Bu haqda “BMJ Evidence-Based Medicine” jurnalida chop etilgan tadqiqotda so‘z boradi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, qancha ko‘p spirtli ichimlik iste’mol qilinsa, demensiya rivojlanish xavfi shunchalik yuqori bo‘ladi. Alkogol odamlarning neyrodegenerativ holatga genetik moyilligidan qat’i nazar demensiya rivojlanish xavfini oshiradi.
Shuningdek, o‘rta miqdorlarda spirtli ichimlik iste’mol qilish ham sog‘liq uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
“Ichishga qaror qilgan har bir kishi uchun tadqiqotimiz shuni ko‘rsatadiki, spirtli ichimliklarni ko‘proq iste’mol qilish demensiya rivojlanishining yuqori xavfiga olib keladi”, deydi Kembrij universiteti tahlilchisi Stiven Byorjess o‘z bayonotida.
Tadqiqot davomida Buyuk Britaniya va AQSHda bir necha yil 560 000 ga yaqin odam kuzatilgan. Uning birinchi qismida olimlar odamlardan qancha miqdorda alkogol ichishlarini so‘rashgan, so‘ngra spirtli ichimliklar va demensiya xavfi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlagan. Shuningdek, ular bu bilan bog‘liq genetik belgilarni tahlil qilib, uning odamlar hayoti davomidagi ta’sirini hisobga olishgan.
Qayd etilishicha, alkogol bilan bog‘liq genetik xavflar qanchalik yuqori bo‘lsa, demensiya xavfi shunchalik yuqori bo‘ladi. Masalan, agar odam haftada uch marta alkogol ichsa, demensiya bilan kasallanish ehtimoli haftada bir marta ichadigan odamga qaraganda 15 foizga yuqori bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bugungi kunda butun dunyoda 1 milliarddan ortiq odam ruhiy salomatlik buzilishi bilan yashayotganini ma’lum qilgan edi. Xususan, JSST hisob-kitobiga ko‘ra, 2021 yilda 15 yoshdan oshgan 400 million kishi spirtli ichimlik iste’moli bilan bog‘liq buzilishlardan aziyat chekkan, 2022 yilda esa 64 milliondan ortiq odam giyohvand moddalar iste’moli oqibatida ruhiy buzilishlarga yo‘liqqan. 2021 yilda qariyb 57 million odam demensiya, 24 milliondan ortig‘i esa epilepsiya kasalligidan aziyat chekkan.
Dilbar Shoakromova
Live
Barchasi