Allamjonov yangi lavozimga tayinlandi
Jamiyat
−
27 Sentabr 35119 2 daqiqa
Komil Allamjonov AQSHda joylashgan Jorj Vashington universiteti huzuridagi Yevropa, Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari instituti (IERES) Markaziy Osiyo dasturining (CAP) maxsus maslahatchisi etib tayinlandi. Bu haqda universitet sahifasida xabar berildi.
“IERES huzuridagi Markaziy Osiyo dasturi (CAP) maxsus maslahatchi sifatida janob Komil Allamjonovning tayinlanganini mamnuniyat bilan e’lon qildi. Janob Allamjonov – o‘zbekistonlik tadbirkor va media sohasi mutaxassisi bo‘lib, ommaviy axborot vositalari, ta’lim va nashriyot sohalarida tajribaga ega”, deyiladi xabarda.
CAP direktori Sebastyan Peyruz ushbu tayinlov CAP’ning olimlar va amaliyotchilar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish hamda O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi islohotlar va kengroq jarayonlarga oid chuqur tahliliy fikrlarni taqdim etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini aks ettirishini ta’kidlagan.
“Markaziy Osiyo uchun bu hal qiluvchi davr. So‘z erkinligini ilgari surishga sodiq inson sifatida mintaqani yaxshiroq tushunishga va so‘z erkinligining butun dunyo rahbarlari va akademiklari orasida tutgan muhim rolini yoritishga o‘z hissamni qo‘shishdan mamnunman”, degan Allamjonov.
Ma’lumot uchun, Jorj Vashington universiteti 1821 yilda tashkil etilgan va AQSH poytaxti Vashington shahrida joylashgan. U mamlakatdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, ayniqsa xalqaro aloqalar, siyosat, huquqshunoslik, tibbiyot va biznes yo‘nalishlari bilan mashhur. Asosiy kampus Oq uy va Kongress binosiga juda yaqin. Bu joylashuv talabalarga BMT, Jahon banki, Xalqaro Valyuta Fondi va turli elchixonalar kabi xalqaro tashkilotlarda tajriba olish imkonini beradi. Hozirda taxminan 25 ming nafar talaba tahsil oladi, ularning katta qismi chet ellik talabalar. Universitet o‘zining kuchli professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanishlari va siyosat hamda diplomatiya sohasidagi imkoniyatlari bilan ajralib turadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Ismoilovich Allamjonov Prezident Administratsiyasi rahbarining jamoatchilik asosida mustaqil maslahatchisi etib tayinlangandi.
Live
Barchasi