“Meni shu yerda o‘ldiring”. Amaldagi hukumat sobiq prezident oilasini uyidan tashqariga uloqtirdi

Tahlil

Sobiq prezidentning oila a’zolari uyidan quvib chiqarildi. Qirg‘izistonning sobiq rahbari Almazbek Atamboyevning yaqin qarindoshlari Atamboyevlar oilasiga tegishli bo‘lgan Qo‘y-Toshdagi uyidan haydab chiqarildi. O‘zbekistonga yondosh qo‘shni bo‘lgan Qirg‘izistonda shu paytgacha ancha noroziliklar, ziddiyatlar yuzaga keldi. Xususan, O‘sh hamda Qo‘y-Tosh voqealari gapimizning isboti. Bugun biz ana shu ikki voqeada asosiy figurant sifatida ko‘rilgan Atamboyevning oila a’zolariga hukumat tomonidan qilinayotgan harakatlar haqida hikoya qilamiz.

13 sentyabr kuni Atamboyevning o‘gli Qodir Atamboyev o‘zi bilan bir qatorda onasi, opasi hamda boshqa yaqinlari uyidan tashqariga uloqtirilganinini ma’lum qildi. Bu haqda Qirg‘izistonning mahalliy ommaviy axborot vositalari ham ko‘p bora yozmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bishkek tuman sudining qarori bilan 30 ga yaqin odam, jumladan, politsiya vakillari saroyga kelgan. Qodirbek rasmiylarning harakatlarini noqonuniy deb atadi. Uning oilasi Oliy sud va Konstitutsiyaviy palataga murojaat qilishni rejalashtirgan.

Kichik Atamboyevga ko‘ra, davlat Sotsial-demokratlar partiyasi qarorgohi va Media Forumni musodara qilmoqchi.

“Ular meni, onamni va oila a’zolarimni Qo‘y-Toshdagi uyimizdan, ajdodlarimiz zaminidan, barcha qarindoshlarimiz, tom ma’noda 100 metr uzoqlikda ko‘milgan yerdan noqonuniy ravishda chiqarib,  bizni boshpanasiz qoldirmoqchi, sud ijrochilari yetib kelishdi. Bu mutlaqo qonunbuzarlik. Shunga qaramay, sud ijrochilari yuqoridan kelgan buyruq bilan o‘zlarining noqonuniy xatti-harakatlarini boshlashmoqda. Meni shu yerda o‘ldiringlar. Otamni davolatish uchun chet elga borishimga ham ruxsat bermaysizlar. Mamlakat ichidagi uyimni olib qo‘yyapsizlar”, deb yozdi u o‘zining Facebookʼdagi sahifasida.

Ushbu voqealarning silsilasi 2019 yilda Qo‘y-Toshda sodir bo‘lgan hodisalarga borib taqaladi. O‘shanda Atamboyevning mulki muhrlangan edi. Ijro organi sobiq prezidentning uyini davlat balansiga olmoqchi bo‘ldi. Sadir Japarov u yerda:  “Keksalar uchun muassasa ochamiz”, dedi.

Atamboyevning o‘g‘li Qodir Atamboyev oila a’zolarining o‘zlariga tegishli bo‘lgan Qo‘y-Toshdagi uyidan haydab chiqarilgani sababli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shikoyat xatini yo‘lladi.

Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va Bosh prokuraturaga “noqonuniy ko‘chirish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va uy-joyga noqonuniy kirish” borasida yo‘llangan ushbu arizasida sobiq prezidentning o‘g‘li uyiga bostirib kirganlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni so‘ragan.

Kichik Atamboyevning so‘zlariga ko‘ra, 13 sentyabr kuni Qo‘y-Toshdagi qarorgohga formadagi odamlar kelgan, ularning soni taxminan 100 kishi bo‘lgan. Ular sud qarorini taqdim etmagan.

 “Hatto ko‘chirish bo‘yicha sud jarayoni ham bo‘lib o‘tmadi. Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari voqea joyida bo‘lib, qarindoshlarimizning mashinasini kutishimizga, hatto uy hayvonimizni (mushuk) olib ketishimizga ham ruxsat bermay, tunda hududni piyoda tark etishga majbur qildi. Bizga tahdid qilishdi va “konteynerda yashash” kabi sha’nimizni kamsituvchi so‘zlarni aytishdi”, deydi u.

Uning yozishicha, ko‘chirish paytida nafaqat xavfsizlik kuchlari qatnashgan, balki Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti ma’muriyati rahbari Qanibek Tumonboyev ham u yerda bo‘lgan. Qarorgohga kirish uchun qo‘shnisining panjarasidan oshib o‘tish kerak edi. Sobiq siyosatchining o‘g‘liga ko‘ra, Tumonboyev xavfsizlik xizmatini bunga jalb qilgan.

 “Bularning barchasi dam olish kuni va hech qanday hujjatsiz, dalolatnomasiz va hokazolarsiz sodir bo‘ldi. Bizning narsalarimiz ko‘chaga tashlandi, uy-ro‘zg‘or buyumlarining bir qismi sindirildi. Sud ijrochisining har qanday qarori,harakati va ko‘chirish bo‘yicha sud jarayoni ustidan shikoyat qilish mumkin. Bizni hatto bu huquqdan, sudga berish huquqidan ham mahrum qilishdi”, deya yozadi u.

Qodir Atamboyev ba’zilar uchun qiymat oltin, pul, samolyotlar, qimmatbaho kurtkalar va boshqalar bo‘lsa, Atamboyevlar oilasi uchun asosiysi xalq bilan qolish ekanini aytgan.

“Ha, bizni uyimizdan haydashmoqda va yagona uyimiz vayron bo‘lmoqda, ammo bu muammo faqat bizdami? Butun mamlakatda hujjatlari bor qonuniy uylar buzilmoqda. Huquqsizlik hukm surayotgan bugungi kunda xalq bilan birga bo‘lish, ularning dardini baham ko‘rish biz uchun sharafdir”, deydi u.

U otasining mulki Akayev davrida ham, Bakiyev davrida ham, Sooranbay Jeenbekov davrida ham tortib olingani va bu hozir ham davom etayotganini ta’kidlagan. Kichik Atamboyev buni otasi 90 yillarda, Gorbachyov va SSSR davrida yirik tadbirkorga aylagani bilan izohladi.

“U esa ko‘pchilikka o‘xshab davlat lavozimlarida ishlamadi va boyib ketish uchun xazinani o‘g‘irlamadi, hammamizni halol va odobli bo‘lishga o‘rgatdi. U har doim bizga sharaf dunyodagi hamma narsadan muhimroq ekanligini aytdi. Otam bizga yaxshi ta’lim, to‘g‘ri tarbiya berdi – buning uchun otamizdan minnatdormiz. Ha, otam menga kvartira, mashina yoki pul qoldirmadi, lekin mening dadam dunyodagi eng zo‘r! Bizda boylik yo‘q, lekin men Atambayevning o‘g‘liman, ko‘chada boshimni baland ko‘tarib yuraman, qirg‘iz xalqi bizga bir oiladek munosabatda. Bu har qanday oddiy odam uchun asosiy narsa”, deydi u.

Atamboyevning o‘g‘li agar taqdir unga barcha prezidentlarning farzandlari: Aydar Akayev, Maksim Bakiyev, Rustam Japarov yoki Taymuras Tashiyevning roli va lavozimini tanlashni nasib etsa ham, yana o‘zining vaziyatini tanlashni afzal bilishini aytgan..

Atamboyevning qizi Aliya Shagiyeva esa oila a’zolarining uyidan haydab chiqarilgan kunni mag‘lubiyat emas, amaldagi Prezident Sadir Japarov, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev va ularning jinoiy guruhlarining sharmandalik kuni ekanini aytgan.

“Sudning tugashini kutmasdan, ular o‘zlarining qudratli, qasoskor va jazosizligini namoyish etishni xohladilar. Ular ko‘p odamlarning ko‘ziga tushdi. Endi ko‘proq odamlar qonun ular uchun hech narsa emasligini va ular faqat jinoyat olami tilida gaplashishlarini bilishadi. Ammo ular hamma narsani iloji boricha iflos va kamsituvchi tarzda qilishga qilishdi, butun bir qo‘shin bilan ogohlantirmasdan paydo bo‘lishdi va bizni yomg‘irda ulkan tog‘lar orasida narsalarimiz bilan ko‘chada qoldirishdi”, degan u.

Joriy yilning iyun oyi boshida Bishkekning Birinchi may tuman sudi 2019 yilda Qo‘y-Tosh qishlog‘ida sodir etilgan korrupsiya va tartibsizliklar ishi bo‘yicha hukm chiqardi. Hozirda xorijda bo‘lgan Almazbek Atamboyev sirtdan 11 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Sud sobiq prezidentni davlat mukofotlaridan mahrum etish va mulkini musodara qilish bo‘yicha qaror chiqardi. Hukm ustidan shikoyat qilingan, ish hozirda Bishkek shahar sudida ko‘rilmoqda.

2022 yil may oyida Davlat mulkini boshqarish jamg‘armasi Atamboyevning Qo‘y-Toshdagi uyi musodara qilinib, davlat mulkiga o‘tkazilganini ma’lum qildi. Jamg‘arma xodimlari sobiq prezident oilasidan uydan chiqib ketishni talab qilgan. Shundan so‘ng Atamboyevning oila a’zolari uy hududida dam olishga muhtoj bolalar uchun o‘quv-sog‘lomlashtirish sport majmuasi ochmoqchi ekanligini ma’lum qildi.

Qirg‘izistonga 2011-2017 yillarda rahbarlik qilgan Atamboyev 2019 yilning 8 avgust kuni Chuy viloyatining Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohida deyarli bir kun davom etgan maxsus operatsiya davomida qo‘lga olingan edi. Unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni bir necha bor rad etgan sobiq davlat rahbarining tarafdorlari qarshilik ko‘rsatgan va maxsus bo‘linmaning bir zobiti operatsiya davomida halok bo‘lgan. To‘qnashuv vaqtida 100 dan ortiq odam, jumladan, politsiyachilar tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan.

Sobiq prezident hibsga olinganidan bir necha kun o‘tib, huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillik, qotillikka urinish, shuningdek, garovga olishni tashkil etish, Bishkek Issiqlik elektr stansiyasini rekonstruksiya qilishdagi korrupsiya, Bishkekdagi “Forum” sanoat guruhi binosi bilan noqonuniy bitim tuzish, Qo‘y-Tosh qishlog‘i va Issiqko‘l viloyatidagi yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish ayblovlari qo‘yilgan.

Sobiq davlat rahbari 2020 yil yozida 11 yil-u 2 oyga qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Keyinchalik Atamboyevga qo‘yilgan ba’zi ayblovlar olib tashlangan, 2022 yil iyunida esa u 2020 yil oktyabr oyida Bishkekda ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlikda ayblanib, oqlangan edi.

Sud qarori bilan 2023 yil 14 fevralda 3,5 yil tartibli koloniyada o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqdi va respublikani tark etdi. Joriy yilning 3 iyun kuni esa Bishkekning Pervomay tuman sudi Qo‘y-Tosh voqealari bo‘yicha hukm chiqardi. Sobiq prezident Almazbek Atamboyev mol-mulki musodara qilinib, davlat mukofotlaridan mahrum qilingan holda 11 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Ishdagi boshqa ayblanuvchilarga ham turli muddatlar berildi. Ammo oradan bir qancha vaqt o‘tib, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov sobiq davlat rahbari Almazbek Atamboyevga nisbatan chiqarilgan sud qaroriga izoh berdi va uni afv etishga tayyorligini aytdi.

2023 yilning 18 fevral kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida mamlakatning barcha sobiq prezidentlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvda mamlakatning birinchi prezidenti Askar Akayev, 2010 yilda Bishkekdan qochgan prezidenti Qurmanbek Bakiyev, 2010 yildagi muvaqqat hukumat raisi va qo‘li qonga botganlikda ayblanadigan Roza Otunboyeva, 2011-2017 yillarda prezident bo‘lgan va lavozimdan ketgach, qamoqqa tashlangan Almazbek Atamboyev va 2020 yilda o‘tkazilgan parlament saylovi ortidan ko‘tarilgan namoyishlarda hukumatdan ag‘darilgan sobiq prezident Sooranbay Jeenbekov ishtirok etgan.

Uchrashuvda mamlakatning amaldagi Prezidenti Japarov sobiq prezidentlarning kamchiliklarini, xususan, Akayev davrida Aqsi voqealari, Bakiyev davrida aprel voqealari, muvaqqat hukumat davrida iyun fojiasi, Jeenbekov davrida oktyabr voqealari bo‘lib o‘tgani, bu voqealarning barchasi Qirg‘iziston tarixiga qora harflar bilan yozilganini ta’kidlagandi.

Japarov sobiq rahbarlar “o‘z xafagarchiliklarini unutib, bir-birlarini kechira olishdi” deb yozganiga qaramay, Almazbek Atamboyev Facebook’da “yig‘ilishni indamay tark etgani” haqida yozgan. U o‘zidan oldingilarni ko‘rishni kutmagandi. Jurnalistlarning taxminicha, Atamboyev Kurmanbek Bakiyevni ko‘rib, yig‘ilishni tark etgan. Shundan so‘ng, sobiq prezident davolanish uchun Ispaniyaga ketgan edi. Hozirda ham u Qirg‘izistondan tashqarida. Hali sobiq rahbar va uning oilasi haqidagi gaplarning bori shu. Qolganini birgalikda kuzatamiz.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Almazbek Atamboev Sooranbay Jeenbekov Aliya Shagieva Sadir Japarov Askar Akaev Roza Otunboeva O'sh Qo'y-Tosh voqealari Sobiq prezident Qodir Atamboev Aydar Akaev Maksim Bakiev Rustam Japarov Taymuras Tashiev Aqsi voqealari iyun' fojiasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing