Amerikalik mulozim Eron bilan urush sabab iste’foga chiqdi
Olam
−
17 mart 8122 3 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari Milliy terrorizmga qarshi kurash markazi direktori Jozef Kent iste’foga chiqishini e’lon qildi va bu qarorini ma’muriyatning Eronga nisbatan siyosatidan rozi emasligi bilan izohladi. U tegishli maktubni Prezident Donald Trampga yo‘llagan, nusxasini esa o‘zining X sahifasida e’lon qildi.
“Uzoq o‘ylab ko‘rgandan so‘ng, bugundan boshlab Milliy terrorizmga qarshi kurash markazi direktori lavozimidan iste’foga chiqishga qaror qildim”, deb yozgan Kent.
U joriy mojaroni qo‘llab-quvvatlay olmasligini ta’kidlagan.
“Men vijdonim toza holda Eronda davom etayotgan urushni qo‘llab-quvvatlay olmayman”, deydi Kent.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun “bevosita tahdid solmagan”, mojaro esa, uning ta’kidlashicha, “Isroil va uning ta’siridagi Amerika lobbisi bosimi ostida” boshlangan. Kent shuningdek, hozirgi ma’muriyat ish boshlaganida “dezinformatsiya kampaniyasi” yo‘lga qo‘yilganini, u mamlakat rahbariyatini harbiy harakatlar zarurligiga ishontirganini aytgan.
“Men siz 2016, 2020 va 2024 yillardagi saylovlarda ilgari surgan va birinchi muddatingizda amalga oshirgan qadriyatlar hamda tashqi siyosatni qo‘llab-quvvatlayman. 2025 yil iyunigacha siz Yaqin Sharqdagi urushlar – bu tuzoq ekanini tushunar edingiz, ular Amerikadan qimmatli insonlar hayotini olib ketdi va millatimizning boyligi hamda farovonligiga putur yetkazdi. Birinchi prezidentlik muddatingiz davomida siz harbiy kuchni qanday qat’iyat bilan qo‘llashni, biroq cheksiz urushlarga tortilib ketmaslikni boshqa har qanday zamonaviy Prezidentdan ko‘ra yaxshiroq tushungan edingiz. Buni Qosim Sulaymoniyni yo‘q qilish va ISHIDni tor-mor etish orqali namoyish etdingiz. Hozirgi ma’muriyat boshida yuqori lavozimli isroillik amaldorlar va Amerika ommaviy axborot vositalarining ta’sirli vakillari dezinformatsiya kampaniyasini boshlab, sizning “Amerika birinchi o‘rinda” platformangizni izdan chiqardi va Eron bilan urushga turtki berish uchun harbiy kayfiyatni shakllantirdi. Bu axborot “exo-kamerasi” sizga Eron Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun bevosita tahdid ekanini va hozir zarba berilsa, tezda g‘alabaga erishish mumkinligini ishontirish uchun ishlatildi. Bu yolg‘on edi va bu xuddi isroilliklar bizni minglab eng yaxshi o‘g‘il-qizlarimizning hayotiga zomin bo‘lgan Iroqdagi falokatli urushga tortishda qo‘llagan taktikaning o‘zi. Biz bu xatoni yana takrorlamasligimiz kerak”, deydi Kent.
Uning maktubida aytilishicha, Kent janglarda qatnashgan veteran sifatida mojaroni yanada kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlay olmaydi.
“Men Amerika xalqiga foyda keltirmaydigan urushga keyingi avlodni yuborishni qo‘llab-quvvatlay olmayman”, deydi u.
Yakunda Kent Prezidentni siyosatni qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan.
“Siz yo‘nalishni o‘zgartirib, mamlakatimiz uchun yangi yo‘l belgilashingiz mumkin yoki bizni yanada tanazzul va betartiblikka botishga qo‘yib berishingiz mumkin. Barcha imkoniyatlar sizning qo‘lingizda”, deydi sobiq mulozim.
Kent, shuningdek, ma’muriyat va mamlakatga xizmat qilish o‘zi uchun sharaf bo‘lganini aytib, iste’fosi darhol kuchga kirishini tasdiqlagan.
Bungacha Amerika Qo‘shma Shtatlari Chegara xizmati sektori boshlig‘i Gregori Bovino ham iste’foga chiqishi ma’lum qilingan. U Donald Tramp ma’muriyatining migratsiyaga qarshi siyosatidagi asosiy shaxslardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Eron bilan urush sabab Xitoydan XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashuvini bir oyga qoldirishni so‘ragani haqida xabar berilgan edi. Trampning Xitoyga tashrifi 31 mart – 2 aprel kunlariga rejalashtirilgan edi.
Live
Barchasi