Eron Jahon chempionatida ishtirok etishini ma’lum qildi
Sport
−
18:18 1647 1 daqiqa
Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj Eron milliy terma jamoasi AQSHni boykot qilishi, biroq Jahon chempionatida ishtirok etishini ma’lum qildi. Bu haqda Toj terma jamoaning Turkiyadagi yig‘ini oldidan jurnalistlarga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Milliy terma jamoa hozir Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashmoqda va bu yerda ikkita o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazamiz. Biz Amerikani boykot qilamiz, ammo Jahon chempionatini boykot qilmaymiz”, deydi u.
Eron terma jamoasi guruh bosqichida Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya bilan bir guruhdan joy olgan. Rejaga ko‘ra, ushbu uchrashuvlarning barchasi AQSH hududida o‘tkazilishi belgilangan.
Joriy yilning 17 mart kuni Mehdi Toj Eron o‘yinlarini AQSHdan Meksikaga ko‘chirish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ham ma’lum qilgan edi. Keyinchalik Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum Eron uchrashuvlarini o‘z mamlakatida o‘tkazishga tayyor ekanini bildirgan.
Biroq FIFA o‘yinlar jadvalini o‘zgartirmasligini ma’lum qildi. Tashkilot barcha jamoalar 2025 yil 6 dekabr kuni tasdiqlangan taqvim asosida musobaqada qatnashishini kutmoqda.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OFK bosh kotibi Vindsor Jon tashkilot Eron futbol federatsiyasidan 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etmaslik haqida rasmiy bildirishnoma olmaganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi