Andijonda “kofechilar” ushlandi
3-sahifa
−
30 may 13788 1 daqiqa
Tarkibida O‘zbekistonda muomalasi taqiqlangan kuchli ta’sir qiluvchi modda bo‘lgan jami 11 kg qahva mahsuloti savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
DXX va Bojxona organlari hamkorligida Andijon viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Marhamat tumani markazidagi savdo majmuasida 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro shartli xaridorga 900 dona “Keto coffee mix” mahsulotini 6 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ushbu mahsulot Andijon shahridagi “Jahon savdo kompleksi”da joylashgan do‘kondan xarid qilinganligi ma’lum bo‘lib, tezkor tadbir davom ettirilgan. Natijada Andijon shahrida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli do‘kondan jami 480 dona “Keto coffee mix” mahsuloti olingan.
Ma’lum qilinishicha, ashyoviy dalil sifatida musodara qilingan jami 11 kg “Keto coffee mix” mahsuloti tarkibida “sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi mavjud bo‘lib, O‘zbekiston hududida uning muomalasi ta’qiqlangan.
Bildirilishicha, mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryoda tarkibida “Sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan ozdiruvchi qahvalarni 200 AQSH dollar evaziga chegaradan olib o‘tayotgan haydovchi to‘xtatib qolingan edi.
Live
Barchasi