Andijonda Sherali Jo‘rayev nomidagi maktab tashkil etiladi
Jamiyat
−
28 iyul 7761 2 daqiqa
Andijon shahridagi san’at maktabi negizida Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etiladi. Sherali Jo‘rayev nomidagi milliy qo‘shiqchilik teletanlovi har yili o‘tkaziladi. Bu haqda bugun, 28 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at sohasida boshqaruvni takomillashtirish, hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishayotganida ma’lum qilindi.
Oliy maktabda ilmiy-ijodiy laboratoriya tuzilib, Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlarining “oltin fondi” yaratiladi. Zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etilib, iqtidorli yosh ijodkorlar undan imtiyozli foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Taqtimotda davlat rahbari sohada ilg‘or xorijiy tajribani bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Unga ko‘ra, Botir Zokirov memorial muzeyini tashkil etish, Botir Zokirov nomidagi stipendiya joriy qilish, xalqaro estrada tanlovini o‘tkazish rejalashtirilgan. Institutning bakalavriat bosqichini tamomlagan eng faol bitiruvchilar chet elga magistraturada o‘qishga yuboriladi hamda iqtidorli talabalarning nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi.
Qolaversa, Farg‘ona viloyatida simfonik orkestr va milliy cholg‘ular orkestri tuziladi. Ular zarur musiqa asboblari, ovoz kuchaytirish va yoritish uskunalari, sahna liboslari va boshqa anjomlar bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, taqdimotda hunarmandchilikni yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqilgan.
Jumladan, Buyuk Britaniya Qirollik fondi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida akademik platforma yaratish rejalashtirilgan. U orqali magistrlar tayyorlash, tadqiqotlar o‘tkazish, o‘quv qo‘llanmalarini joriy etish yo‘lga qo‘yiladi. Bu platforma bilan 3 mingdan ziyod iqtidorli hunarmandlar bosqichma-bosqich qamrab olinadi. Keyinchalik uni amaliy san’at maktabiga aylantirish ko‘zda tutilgan.
2023 yilda Buxoro “Hunarmandchilik va xalq san’ati” yo‘nalishida UNESCO’ning kreativ shaharlar tarmog‘iga kiritilgan edi. U yerda 2 ming nafar hunarmand 36 ta yo‘nalishda ijod qiladi.
Sentyabr-noyabr oylarida Buxoroda birinchi zamonaviy san’at biyennalesi o‘tkaziladi. Unga 40 ta davlatdan 70 nafar mashhur rassom tashrif buyuradi.
Davlat rahbari madaniy turizmni rivojlantirishga katta turtki beradigan bunday yirik tadbirlarni yuqori saviyada tashkil qilish muhimligini ta’kidlagan.
Prezident tomonidan mutasaddilarga loyihalarni sifatli bajarish va tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Live
Barchasi