Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O‘zbekistondagi AES qurilishiga start beradi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 4 iyun kuni O‘zbekistonda Rossiyaning “Rosatom” korporatsiyasi tomonidan barpo etilayotgan AESning birinchi energobloki qurilishini boshlab berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bugun, 2 iyun kuni Rossiya rahbarining yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, Prezidentlar Sankt-Peterburg iqtisodiy forumi doirasida uchrashadi va videoaloqa orqali O‘zbekistondagi ilk AES qurilishiga “yashil chiroq” yoqadi.

“Prezident Mirziyoyevning forumda ishtirok etishi munosabati bilan, tabiiyki, ikki tomonlama uchrashuv ham o‘tkaziladi. U 4 iyun kuni kechqurun Konstantinov saroyida bo‘lib o‘tadi”, deydi Ushakov jurnalistlarga.

U O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralarning boshlanishi ramziy ma’noga ega bo‘lishini qayd etgan. 

“Uchrashuv ancha ramziy va qiziqarli tarzda boshlanadi – ikki rahbar O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energobloki qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan videokonferensiyada ishtirok etadilar”, deydi Rossiya Prezidentining yordamchisi.

Ushakov bu loyiha ikki mamlakatning eng yirik va yetakchi loyihasi ekanligini qayd etgan.

“Marosim davomida rahbarlar Konstantinov saroyida bo‘lishadi, qurilish maydonchasida esa ularni, xususan, MAGATE Bosh direktori Rafael Grossi, “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachev va “O‘zatom” agentligi rahbari Azim Ahmedxo‘jayevlar qutlashadi”, deydi u.

Ma’lumot uchun, tomonlar O‘zbekistonda atom quvvatini yaratish bo‘yicha hukumatlararo bitimni 2018 yilda imzolagan. Unda har birining quvvati 1,2 gigavatt bo‘lgan ikkita energoblok qurish ko‘zda tutilgan. 2025 yilda tomonlar har biri 55 megavatt quvvatga ega bo‘lgan oltita kichik blok qurishga kelishib olgan, biroq keyinroq loyihani o‘zgartirishga qaror qilindi va 2026 yilning martida shartnomaga tuzatish kiritildi.

Yangi kelishuvga ko‘ra, “Rosatom” O‘zbekistonda Rossiyaning VVER-1000 reaktorlari asosida ikkita yirik quvvatli energoblok va RITM-200 reaktorlari asosida har biri 55 megavatt quvvatga ega bo‘lgan ikkita kichik atom bloklarini quradi. Ushbu stansiya Rossiya tomonidan xorijda qurilgan birinchi kichik quvvatli AES bo‘lishi mumkin.

Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyoning beshta davlatidan hech birida AES mavjud emas. O‘tgan yilning iyun oyida Qozog‘iston mamlakatdagi ilk AES qurilishi uchun “Rosatom”ni xalqaro konsorsium rahbari sifatida tanlagan (unda Rossiya korporatsiyaning flagmani hisoblangan “3+” avlodga mansub VVER-1200 reaktoridan foydalanishni rejalashtirmoqda). Joriy yilning may oyida esa Moskva va Ostona quvvati 2,4 gigavatt, qiymati taxminan 16,5 milliard dollarni tashkil etishi mumkin bo‘lgan “Balxash” AESni qurish bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Atomstroyeksport” AJ (“Rosatom”ning injiniring bo‘linmasi) vitse-prezidenti, O‘zbekistonda AES qurish loyihasi direktori Pavel Bezrukov O‘zbekistondagi AES maydonchasida ishlashga qaror qilgan mahalliy va Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonalariga maksimal darajada imtiyozlar berilishini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Vladimir Putin AES

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing