Tadbirkorlarning ketmoni uchdi yoxud “uyquni qochirgan” muammolar yechildi
Biznes
−
02 iyun 1800 3 daqiqa
Tadbirkorlarni qiynagan, restoran va kafe egalarining “uyqusini qochirgan” muammolarga nuqta qo‘yildi. 26 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, biznes egalariga bir nechta yengilliklar berildi. Eng birinchi bo‘lib QQS dan olinadigan keshbekka to‘xtalsak. Ilgari restoran va kafelar to‘lagan QQS summasining bir qismini davlatdan qaytarib olishi uchun kamida mo‘’jiza ko‘rsatishi kerak edi. Tushumning asosiy qismi plastik karta yoki QR-kod orqali tushishi shart bo‘lgan. Mijoz kelib naqd pul bersa, “bonusdan quruq qoldim” deb tadbirkor ichidan zil ketishi aniq edi. 2026 yil 1 iyundan bu mantiqsizlik tugatildi. Endi mijoz cho‘ntagidan naqd pul chiqaradimi yoki kartasini terminalga bosadimi – farqi yo‘q! To‘langan QQS summasining naqd 40 foizi tadbirkorning hisob raqamiga qaytarib beriladi.
Kichik biznesning eng katta fojiasi, nayrang-u o‘yinlarni boshlanish nuqtasi 1 milliard so‘mlik chegara edi. Savdo 1 milliarddan oshdimi tamom, kichik tadbirkor “yirik akula” sifatida baholanardi. Avtomatik ravishda umumbelgilangan soliq tizimiga o‘tardi. Bunda korxona “aylanmadan soliq” to‘lamaydi. Uning o‘rniga savdosidan 12% QQS, yil yakunidagi sof foydasidan 15% foyda solig‘i to‘laydi. Hamda o‘z nomidagi bino, yer va ishchilarining oyligidan tegishli soliqlarni topshiradi. Bu tizimda buxgalteriya juda aniq va hujjatlarga asoslangan bo‘lishi shart. Bugun 1 mlrdlik dovonga yetish u qadar qiyin bo‘lmay qolgani rost. Shu sababli, ko‘plab tadbirkorlar ataylab biznesni kattalashtirmasdan, aylanmasi 900 milliondan oshganda firmasini yopib, xotinining yoki akasining nomiga yangi firma ochardi. Endi bunday qilish shartmas. Chegara BHMning 12 000 baravari, ya’ni naqd 5 milliard so‘mgacha oshirildi!
Restoran va kafelarga xodim olish masalasi esa haqiqiy dard edi. Bir kunlik katta to‘yga qo‘shimcha 5 ta ofitsiant chaqirish yoki yangi ishchini sinab ko‘rish ham tadbirkorga juda qimmatga tushardi. Yangi ishchilar qanday ishlashini bilish uchun sinov muddati asosida qabul qilinsa-yu, xuddi o‘sha kuni soliqdan tekshiruv kelib qolsa, ish beruvchi – salkam jinoyatchiga aylanardi. “Yashirin ishchi ishlatyapsan” deb unga katta jarima solinardi.
Endi yechim bor – Mehnat vazirligining maxsus mobil ilovasi. Ishchini telefon orqali, o‘sha kunning o‘zida, 5 soniyada soddagina ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin. Sinov muddati tugaydimi yoki ishi yoqmadimi, ilova orqali jarayon yopiladi. Soliqchi kelib jarima sololmaydi!
Yana bir muhim nuqta. Aylanmasi oshib, QQS to‘lashga majbur bo‘lgan tadbirkorning hisobchisi sochlarini yulishga tayyor edi. Sababi – 12 foizlik QQSni to‘lashda har bir tovarning hujjatini, fakturasini to‘g‘rilab, hisobga olish azob edi. Bitta chek yetishmasa, tadbirkor o‘z cho‘ntagidan kuyardi. Davlat endi mutlaqo yangi, soddalashtirilgan 6 foizlik QQS tizimini taklif qilyapti.
O‘zbekistonda o‘z brendini franshiza qilib, viloyatlarda o‘nlab filial ochish juda qiyin edi. Sababi – tarmoq kengaydi deguncha, soliq yuki yirik korxonalar qatoriga qo‘shib qo‘yardi va mahsuloting tannarxi qimmatlab ketardi. Farmon franshiza biznesiga “yashil yo‘lak” ochdi
Eng asosiysi, Farmonda soliqchilarning tadbirkorni asossiz tekshirishiga katta to‘siq qo‘yildi. Agar soliq tizimi sizning biznesingizda xato topsa, darhol bosib kelishmaydi avval o‘zingizga mustaqil tuzatish imkoni beriladi. Xavf summasi 500 million so‘mgacha bo‘lsa soliq auditi, 100 milliongacha bo‘lsa sayyor tekshirish umuman o‘tkazilmaydi. Xullas, Davlat sizga “qo‘rqma, yashirinma, ochiqqa chiq, men seni jarimaga tortmayman, rivojlanishingga imkon beraman” deyapti. Tanlov esa o‘zingizda.
Live
Barchasi