Andijonda o‘tkazilgan tenderda ikki MCHJ nomi ostida bir kishi g‘olib bo‘ldi

Jamiyat

image

Andijon viloyati ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchilarni ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha o‘tkazgan umumiy qiymati 220 million so‘mlik ikki autsorsing tanlovi g‘oliblari bir shaxs rahbarligidagi MCHJlar bo‘lib chiqdi.

Tanlovlarning birida “Bobur Asadbek tayyorlov ta’minot” MCHJ ikkinchisida esa “Sitora ta’minot” MCHJ g‘olib deb topilgan. Har ikki tanlovda zaxira g‘olibi etib “Sanjarbek kelajak yutuqlari” MCHJ qayd etilgan.

Internetdagi ochiq manbalarda keltirilishicha, “Bobur Asadbek tayyorlov ta’minot” va “Sitora ta’minot” rahbari bir shaxs – Jalolov Nurxomidin Salaydinovich hisoblanadi. Ushbu maktab internati tomonidan sentyabr-noyabr oylari davomida 6 ta tanlov o‘tkazilgan bo‘lsa, shuning yarmini “Bobur Asadbek tayyorlov ta’minot”, qolgan yarmini esa “Sitora ta’minot” MCHJ yutib olgan.

Diqqat qaratish lozim jihatlardan yana biri shundaki, o‘tgan 2024 yil oktyabridan shu yilning iyuniga qadar o‘tkazilgan tanlovlarning naq 16 tasida g‘olib deb topilgan “Xumoyun Mirzo ta’minot savdo” MCHJning ham rahbari aynan Jalolov Nurxomidin Salaydinovich hisoblanadi.

Shu o‘rinda qiziq savol tug‘iladi, qanday qilib bir shaxs boshqaruvidagi kompaniyalar o‘zaro raqobatchi bo‘lishi mumkin?

Bundan tashqari, buyurtmachi va tanlov g‘olibi qo‘shni ham hisoblanadi: maktab-internati Izboskan tumani, To‘rtko‘l shaharchasi, A.Navoiy ko‘chasi, 25 uyda joylashgan bo‘lsa, g‘olib “Sitora ta’minot” MCHJ esa shu ko‘chadagi 41 A uyda faoliyat yuritadi.

Yuqoridagi holat maktab-internat direktori Abdurafiqjon Rahimov raisligidagi xarid komissiyasi tomonidan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning bir qancha xususan, 10-moddasida nazarda tutilgan “Raqobat va xolislik prinsipi” kabi moddalariga amal qilinganini shubha ostida qoldiradi.


Maqola muallifi

Teglar

autsorsing tender Andijon viloyati ixtisoslashtirilgan san'at maktab-internati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing