Andijondagi “zapravka”ga o‘t ketdi
3-sahifa
−
05 Sentabr 8987 2 daqiqa
Bugun, 5 sentyabr kuni Andijon viloyatining Andijon tumanida joylashgan yoqilg‘i quyish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tumanda joylashgan avtomobillarga suyultirilgan va siqilgan gaz to‘ldirish shoxobchasi hududida taxminan 5 tonnali yoqilg‘i saqlash sig‘imiga ega MAN rusumli yoqilg‘i tashuvchi avtomobil sisternasidan propan suyultirilgan gazni to‘kish vaqtida texnologik jarayon buzilgan va oqibatda yong‘in kelib chiqqan. Hodisa haqida soat 12:05 da FVBga xabar tushgan.
Xabarga asosan, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari hodisa joyiga 12:13 da yetib borib, yong‘in soat 12:26 da o‘rab olingan hamda 13:03 da bartaraf etilgan.
Bildirilishicha, hodisa oqibatida tan-jarohati olganlar to‘g‘risida ma’lumot tushmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida joylashgan gaz quyish shoxobchasida portlash yuz bergandi. Qolaversa, Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi “zapravka”da ham yong‘in chiqqandi. Yong‘in oqibatida KIA Bongo, Damas va Gentra rusumli avtomobillar zararlangan.
Iyul oyida esa Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumani “Oltin dala” MFYda joylashgan gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgan va buning oqibatida 4 kishi vafot etgandi. Ushbu halok bo‘lgan fuqarolarning oila a’zolariga 100 mln so‘mdan kompensatsiya to‘lab berildi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 205- (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 259- (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Aynan shu mahalladagi yana bir “zapravka”da avgust oyi boshida portlash bo‘ldi. 8 avgust kuni Xorazm viloyatining Urganch shahrida joylashgan avtomobillarga mobil yoqilg‘i quyish shoxobchasida katta yong‘in sodir bo‘ldi.
Live
Barchasi