Angliya mashg‘ulot bazasi yaqinida otishma sodir bo‘ldi

Sport

image

Angliya terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionati uchun mashg‘ulot bazasi yaqinida otishma sodir bo‘lib, oqibatda 9 kishi jarohat oldi. Bu haqda “The Athletic” nashri xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 6 iyun kuni ertalab AQSHning Missuri shtati, Kanzas-Siti shahridagi Trost avenyusida otishma bo‘lgani haqida politsiyaga xabar kelib tushgan. Voqea joyiga yetib kelgan huquq-tartibot idoralari xodimlari ko‘p sonli odamlar tarqalib ketayotganiga guvoh bo‘lgan.

Hodisa natijasida 3 nafar voyaga yetgan ayol jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan. Keyinchalik yana to‘qqiz nafar katta yoshli shaxs hayoti uchun xavf tug‘dirmaydigan jarohatlar bilan mahalliy shifoxonalarga murojaat qilgani ma’lum bo‘ldi.

Nashrning ta’kidlashicha, otishma Angliya terma jamoasi bazasidan taxminan 10 daqiqalik masofada sodir bo‘lgan. Hozircha gumondorlar qo‘lga olinmagan, politsiya esa hududda patrul xizmatini kuchaytirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shaharda har 100 ming aholiga to‘g‘ri keladigan zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar soni 1300 tani tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich AQSH bo‘yicha o‘rtacha daraja – har 100 ming aholiga 359 ta holatdan qariyb to‘rt baravar yuqori.

Ma’lumot uchun, Angliya terma jamoasi “L” guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, Xorvatiya, Gana va Panama terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi. Angliya o‘z tarixidagi yagona Jahon chempionligiga 1966 yilda o‘z maydonida mezbonlik qilgan turnirda erishgan.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati Angliya otishma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing