Angrenda zo‘rlangan 15 yoshli qizning holati qanday ekani aytildi
3-sahifa
−
18 noyabr 15633 2 daqiqa
Avvalroq, Toshkent viloyatining Angren shahrida voyaga yetmagan 15 yoshli qiz 4 yigit tomonidan zo‘rlangani haqida xabar berilgandi. Hozirda qizning ruhiy holatida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilib, u bosqichma-bosqich ruhiy inqiroz holatidan chiqib bormoqda. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil joriy yilning iyul oyida Angren shahrida zo‘ravonlik jinoyatining qurboni bo‘lgan hamda bugungi kunda Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanayotgan voyaga yetmagan Y.S.ning sog‘ligi va psixologik holatini o‘rganish maqsadida shifoxonaga borib, qizning ahvoli bilan tanishdi. Suhbatda qiz hozirda sog‘ligi qanday ekani, shuningdek, ota-onasi va oila a’zolariga nisbatan emotsional munosabati, ishonchi darajasi haqida aytib, hozirda davolanayotgan muassasadan chiqqanidan keyin ulardan qay biri bilan yashashni istashi borasida o‘z fikrini bildirdi.
“Shifokorlarning o‘z kasbiga yuksak mas’uliyati hamda qizga ko‘rsatilayotgan alohida mehr va g‘amxo‘rlik tufayli hozirda Y.S.ning sog‘lig‘i yaxshilangan, tana vazni nisbatan oshib, umumiy ahvoli barqarorlashgan”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Bolalar ombudsmani so‘roviga asosan, Y.S. bilan psixolog muntazam muolajalar olib borib, mutaxassis xulosasiga ko‘ra, hozirda qizda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilib, u bosqichma-bosqich ruhiy inqiroz holatidan chiqib borayotgani aytilgan.
Bundan tashqari, qizdagi mavjud kasalliklardan davolanishi bilan bir vaqtda ruhiy posttravmatik tiklanish bosqichida ekanini inobatga olib, bolaning holatini barqarorlashtirish va travmatizatsiyaning oldini olish uchun (davolanish kursi yakunidan so‘ng) neytral va xavfsiz oilaviy muhitga joylashtirish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlangan.
Ushbu jinoyat bo‘yicha tergov tamomlanib, jinoyat ishi materiallari sudga yuborilgan va hozirda sud muhokamasi bosqichida.
Qizga nisbatan jinsiy tajovuz bo‘lganidan so‘ng u Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasaga ko‘chirilgandi.
Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi holat yuzasidan joriy yilning 9 aprel kuni Angren shahar IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova 24 iyul kuni Angrenga borib, jabrlangan qiz bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgangandi.
Live
Barchasi