Apple va Google dunyoni kiberxavf haqida ogohlantirdi

Texnologiya

image

Apple va Google dunyo bo‘ylab foydalanuvchilarga kiberkuzatuv bilan bog‘liq jiddiy xavf haqida yangi ogohlantirishlar yubordi. Josuslik faoliyati Pokiston, Qozog‘iston, Angola, Misr, O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni va Tojikistonda qayd etilgan. Bu haqda Google'ning Tahdidlarni tahlil qilish guruhi xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu kabi xabarlar ikki kompaniya tomonidan faqat davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan yuqori darajadagi hujumlar aniqlanganda tarqatiladi. Google Intellexa Group tomonidan amalga oshirilgan kuzatuv kampaniyasi haqida ma’lum nishon foydalanuvchilarni ogohlantirmoqda.

Intellexa – AQSH sanksiyalari ostidagi kiberrazvedka kompaniyasi bo‘lib, uning Predator nomli Spyware dasturi so‘nggi yillarda jurnalistlar, siyosiy faollar va huquq himoyachilariga qarshi qo‘llangani aytiladi. Google Intellexa xalqaro cheklovlarga qaramay, faoliyatini davom ettirayotgani va ularning texnologiyalari global kiberxavfsizlikka jiddiy tahdid solayotganini ma’lum qildi.

Apple ham dekabr oyi boshidan dunyo bo‘ylab foydalanuvchilarga ogohlantirishlar yuborayotganini tasdiqladi. Kompaniya nechta foydalanuvchi nishonga olingani haqida ma’lumot bermagan bo‘lsa-da, “150 dan ortiq mamlakatdagi foydalanuvchilarga ogohlantirish yubordik”, deya bayonot berdi.

Apple odatda bunday xabarlarni iPhone’dagi nol-kunli (zero-day) zaifliklar orqali amalga oshirilgan yuqori darajadagi murakkab xakerlik hujumlari tasdiqlanganda yo‘llaydi.

Intellexa, NSO Group va shunga o‘xshash tijorat josuslik kompaniyalari ishlab chiqargan spyware dasturlari ko‘plab davlatlarda siyosiy raqobat, fuqarolik jamiyati faollari va jurnalistlarni kuzatish maqsadida qo‘llanayotgani xalqaro tergovlarda qayd etilgan. 

Bunday dasturlar oddiy foydalanuvchilardan ko‘ra muhim shaxslarni – jurnalistlar, faollar, diplomatlar va biznes rahbarlarini nishonga oladi. Josuslik faoliyati Pokiston, Qozog‘iston, Angola, Misr, O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni va Tojikistonda qayd etilgangani bayonotda keltirilgan.

Apple va Google tomonidan bir vaqtning o‘zida yuborilgan keng ko‘lamli ogohlantirish global tahdidning qanchalik kuchayganini ko‘rsatadi. Mutaxassislarning fikricha, kiberjosuslik texnologiyalari kengayib borayotgani sababli davlatlar ham, texnologik kompaniyalar ham o‘z himoya mexanizmlarini yanada mustahkamlashga majbur bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Galaxy telefonlarida “josuslik ilovasi” aniqlangani haqida xabar berilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, AppCloud Isroilda ishlab chiqilgan bo‘lib, u kuzatuv funksiyalariga ega bo‘lishi mumkin. Tekshiruvlar dastur operatsion tizimga chuqur integratsiyalanganini va uni to‘liq o‘chirib tashlashning imkoni yo‘qligini ko‘rsatgan.


Maqola muallifi

Teglar

Google Apple Josus texnologiya kiberxavfsizlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing