“Arqadag‘” protokoldan chetga chiqib, Mirziyoyevni shaxsan kuzatib qo‘ydi
Jamiyat
−
06 avgust 25215 3 daqiqa
Kecha, 5 avgust kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmanistonda shakllangan protokol tartib-qoidalaridan chetga chiqib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni aeroportda shaxsan kuzatib qo‘ydi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘zaro hurmatga asoslangan samimiy va do‘stona munosabatlarning, ikki xalq o‘rtasidagi chinakam qardoshlik rishtalarining bebaho namunasidir. Shuningdek, Asadov Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etish uchun Kaspiy bo‘yidagi Avazaga amaliy tashrifi O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining o‘ziga xosligini yana bir bor tasdiqlaganini qayd etdi.
“2017 yil mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev ilk davlat tashrifini Turkmanistonga amalga oshirgani bejiz emas. O‘tgan yillar mobaynida davlatimiz rahbari, Turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning sa’y-harakatlari tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar butunlay yangi darajaga ko‘tarildi. Bugun O‘zbekiston va Turkmaniston Markaziy Osiyoda chinakam yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikning yorqin namunasidir.
BMT konferensiyasi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni bilan taqdirlangani ham ikki davlat o‘rtasidagi hurmatning yuksak darajasini anglatadi”, deydi u.
Qayd etish joiz, so‘nggi yillarda Prezident Mirziyoyev qo‘shni va dunyodagi yetakchi davlatlarning bir qator nufuzli mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Qozog‘istonning “Oltin qiran” va “Do‘stlik”, Qirg‘izistonning “Danaker”, Tojikistonning “Zarrintoj”, Rossiyaning Aleksandr Nevskiy, Fransiya Faxriy legioni, Turkiyaning “Respublika” ordenlari, Turkiy dunyoning oliy ordeni, MDH faxriy nishoni, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining faxriy nishoni va boshqalar shular jumlasidan.
“Bu mukofotlarning har biri faqatgina Prezident Shavkat Mirziyoyevning faoliyatiga berilgan baho emas. Ularning ortida davlatimiz rahbarining hamkasblari, hamkor mamlakatlar yetakchilari bilan birgalikdagi samarali mehnati turadi. Ana shunday hamjihatlik tufayli Markaziy Osiyo bugun raqobat emas, balki hamkorlik makoniga aylanib borayotganida ularning ham xizmatlari beqiyos.
Umuman olganda, bu mukofotlar O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatda ishonchli, mas’uliyatli va tashabbuskor hamkor sifatidagi mavqei mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Ayni paytda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosat strategiyasi balandparvoz bayonotlarga emas, balki aniq amaliy harakatlarga: o‘zaro kelishuvlar, qo‘shma loyihalar, ochiq chegaralar, yangi transport yo‘laklari va muloqot maydonlariga tayanadi. Bularning barchasi – xalqimiz hayotini yaxshilash va farovonligini yukslatirish uchun”, deydi Prezident matbuot kotibi.
Asadov O‘zbekiston yetakchisiga Turkmaniston ordenining berilishi rasmiyatchilik emas, balki O‘zbekistonning mintaqada barqarorlik va hamkorlikni ta’minlashdagi faol va konstruktiv pozitsiyasining e’tirofi ekanini bildirgan.
“Bu shunchaki mukofot emas, balki global beqarorlik, ishonch taqchilligi va xatarlar fonida O‘zbekiston va uning hamkorlari mintaqada yaratayotgan barqaror muhit katta qadriyatga aylanayotganiga ishora. Ana shu barqarorlikni kim ta’minlayotgan bo‘lsa, uning mehnati munosib e’tirofga loyiq”, dedi u.
Live
Barchasi