Artemis II astronavtlari Tinch okeaniga qo‘ndi (video)

Olam

image

NASA’ning Artemis II missiyasi muvaffaqiyatli yakunlandi. Orion kosmik kemasi to‘rt nafar astronavt bilan Oy atrofini aylanib chiqib, Yerga qaytdi va Kaliforniya yaqinidagi Tinch okeaniga qo‘ndi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Bu insoniyatning 1972 yilda yakunlangan Apollo loyihasidan buyon Oyga amalga oshirgan ilk pilotli parvozi bo‘ldi. Kapsula Yer atmosferasiga taxminan 40 ming km/soat tezlikda kirib kelgan va butun tushish jarayoni qariyb 13 daqiqa davom etgan.

Atmosferaga kirishdan oldin xizmat moduli ajratilgan, kapsula issiqlik qalqoni oldinga qaratilgan holda to‘g‘ri holatga keltirilgan va aniq burchakda kirish uchun yakuniy manevr bajarilgan. Shu bosqich juda muhim bo‘lib, noto‘g‘ri burchak kemaning kuyib ketishi yoki qayta kosmosga chiqib ketishiga olib kelishi mumkin edi. Atmosferaning zich qatlamlaridan o‘tayotganda kapsula atrofida plazma hosil bo‘lgan va shu sababli taxminan olti daqiqa davomida Yer bilan aloqa uzilgan, bu holat avval ham Apollo 8 kabi missiyalarda kuzatilgan.

Issiqlik qalqoni 2700 darajadan yuqori haroratga bardosh berishga mo‘ljallangan bo‘lib, kema aynan shu orqali himoyalangan. Tezlikni kamaytirish uchun avval ikkita kichik parashyut ochilib tezlik taxminan 500 km/soatgacha tushirilgan, so‘ng uchta katta asosiy parashyut ochilib tezlik 30 km/soatgacha kamaytirilgan va kapsula suvga qo‘ngan. Qo‘nishdan keyin kapsula avtomatik tarzda barqaror holatga keltirilgan, qutqaruv kuchlari yetib kelib astronavtlarni navbat bilan chiqarib olgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 aprel kuni Artemis II missiyasi Orion kosmik kemasida ekipajdagi to‘rt nafar astronavt bilan Yer yuzidan taxminan 406-407 ming kilometr uzoq masofaga parvozni amalga oshirgandi. Shu tariqa Appolo 13 missiyasi tomonidan o‘rnatilgan 1970 yildagi rekord yangilangan. Yangi missiya avvalgisidan taxminan 4-6 ming kilometr uzoqroq masofani bosib o‘tgan.

Missiyaning avvalgisidan asosiy farqi shundaki, kosmik kema Oyga qo‘nmasdan, uning Yerga ko‘rinmaydigan qismini suratga olishi va aylanib o‘tishi kerak edi. NASA’ga ko‘ra, parvoz kutilganidan ham muvaffaqiyatliroq tarzda amalga oshirilgan. 

Xususan, Artemis II missiyasi astronavtlari Oyning orqa tomonidan Yerga qaralganda sayyoraning botishi qanday ko‘rinishi aks etgan fotosuratlarni ham e’lon qilgan edi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Tinch okeani NASA Artemis II

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing