Artemis II ning eng qiziq kuzatuvi: Oy aslida qanday rangda?
Bu qiziq
−
12 may 3223 2 daqiqa
NASA’ning joriy yil aprel oyi boshidagi Artemis II missiyasi kutilmagan kuzatuvlari bilan ilmiy doiralarda yangi bahsni ochib berdi. Asosiy masala Oyning asl rangi qandayligi bilan bog‘liq. Bu haqda “Space” xabar berdi.
Artemis II missiyasi doirasida Oy orqa tomonini (ko‘rinmaydigan yuzini) kuzatgan to‘rt astronavt Yerga qaytgach, Oy oddiy kulrang jism emasligini, balki kutilmagan ranglar va tuzilmalarga ega ekanini aytgan.
NASA tomonidan geologlar va vulkanologlar tayyorlagan 90 sahifalik maxsus “Oy pasporti” orqali o‘qitilgan ekipaj orbitadagi robotlardan farqli ravishda inson ko‘zining tabiiy idrokidan foydalanib, yuzada jigarrang va yashil tuslarni ham qayd etgan. Ayniqsa, Aristarchus (Aristarx) platosi hududida ko‘ringan yashil minerallar Oy ichki qatlamlaridagi magma kimyosi haqida muhim ma’lumot beruvchi olivin yoki piroksen kabi moddalar bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Oy kulrang emasmi?
Olimlar uchun astronavtlarning suratlaridan ko‘ra, ularning og‘zaki kundalik yozuvlari (audio qaydlar) ancha muhim hisoblanadi. Robotlar va orbitadagi qurilmalar ma’lumotlarida ba’zan sun’iy yo‘ldosh kamera kalibrovkasining xatolari bo‘lishi mumkin.
Ammo inson ko‘zi Oy yuzasidagi rang va yorqinlik farqlarini real vaqtda aniqroq ajrata oladi. Astronavtlarning kuzatuvlari Oydagi qadimiy vulqon faolligi va yuzaning geologik tarixi haqida ilgari sun’iy yo‘ldoshlar bera olmagan chuqurroq ma’lumotlarni taqdim etmoqda.
Oy yuzasidagi bu “yashirin ranglar palitrasi” nafaqat ilmiy qiziqish uyg‘otadi, balki Yer va Quyosh tizimining ilk shakllanish bosqichlarini tushunishda ham muhim kalit hisoblanadi. Oy yuzasidagi ulkan kraterlar va lava oqimlari milliardlab yillar davomida meteorit zarbalari va geologik o‘zgarishlar tarixini saqlab qolgan tabiiy arxiv vazifasini bajaradi.
NASA mutaxassislari astronavtlarning bu “rangli” kuzatuvlari kelajakda Oy haqidagi ilmiy konferensiyalarda eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzulardan biri bo‘lishini va Oy tarixiga oid hozirgi qarashlarni o‘zgartirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xitoylik olimlar Oydan olingan namunalar tarkibida ilgari noma’lum bo‘lgan ikkita yangi mineral borligini aniqlagandi.
Live
Barchasi