Ash-Shara Suriyada prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishini aytdi
Olam
−
07 dekabr 3815 2 daqiqa
Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara to‘rt yildan keyin umumiy saylovlar o‘tkazilishini aytdi. Bu haqda u Qatar poytaxti Dohada “Adolat amalda: va’dadan taraqqiyot sari” shiori ostida o‘tkazilgan 23-forumdagi nutqida so‘z ochdi.
Ahmad ash-Shara o‘tish davrida hech bir hukumat aholining barcha qatlamlari bilan to‘liq kelishuvga erisha olmasligini ta’kidladi. Suriyaning kelajagi “shaxslarga emas, balki institutlarga asoslangan boshqaruv modeli” asosida qurilganini ta’kidlagan muvaqqat prezident, hukumatdagi vakillik vakolat tamoyili asosida ta’minlanganini aytdi.
Avvalgi tuzum ag‘darilishi ortidan mamlakatda yangi hukumat tuzilganini qayd etib, o‘tish davri uchun “yo‘l xaritasi” kuchga kirganini eslatdi. Unga ko‘ra, Xalq Kengashiga saylovlar o‘tish jarayoniga muvofiq o‘tkazildi:
“To‘rt yildan so‘ng, albatta, umumxalq saylovlarini o‘tkazamiz”, dedi u.
U mamlakatda elektr ta’minoti yaxshilanganini aytdi.
“Biz hokimiyatga kelganimizda, elektr energiyasi kuniga atigi 1,5 soat edi. Hozir bu vaqt 12–14 soatga ko‘paydi. Yil oxirigacha o‘zimizni o‘zimizni ta’minlashga erishamiz”, deydi Ash-Shara.
Iqtisodiy tiklanishning ahamiyatiga e’tibor qaratgan Ash-Shara, AQSH bilan “Sezar” qonuni bo‘yicha sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha muzokaralar davom etayotgani va Tramp ma’muriyati bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
U Bashar Asad davridagi hukumat “dinlararo ziddiyatlarni kuchaytirgani”ni ta’kidlab, o‘tish davrida jinoyatlarni, xususan, qirg‘oq zonasi va Sveydadagi qonunbuzarliklarni tekshirish uchun komissiyalar tuzilganini qo‘shimcha qildi.
“Ikkala mintaqadagi voqealar manbai ag‘darilgan tuzumning og‘ir merosidir va hamma bu rejim qurboni”, deya xulosa qildi Suriya muvaqqat prezidenti.
Ma’lumot uchun, Ahmad ash-Shara Suriyada 2024 yilning dekabrida sobiq prezident Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng hokimiyat tepasiga keldi. Mamlakatning yangi hukumati avvalgi konstitutsiyaning tugatilganini e’lon qildi va parlament, xavfsizlik xizmatlari va qurolli guruhlarni tarqatib yubordi.
Suriyadagi o‘tish davri besh yilga mo‘ljallangan. Mart oyida Ahmad ash-Shara ushbu davr uchun huquqiy asosni belgilovchi konstitutsiyaviy deklaratsiyani imzoladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriya tarixida muhim voqea yuz bergandi. Joriy yilning 5 oktyabr kuni mamlakatda sobiq prezident Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan keyingi birinchi parlament saylovlari o‘tkazildi.
Live
Barchasi