Tailand va Kambodja o‘rtasida yana to‘qnashuv boshlandi (video)

Olam

image

Bugun, 8 dekabr kuni Tailand Kambodja askarlarini Tailand harbiylariga qarata o‘q uzishda va bir askarning o‘limiga sabab bo‘lganlikda aybladi. Kambodja esa bu ayblovlarni rad etmoqda.

Qayd etilishicha, Tailand armiyasi Kambodjadagi qator harbiy nishonlarga havodan zarbalar berishni boshlagan. Xujumlar “harbiy infratuzilma, qurol-yarog‘ omborlari, qo‘mondonlik punktlari va logistika yo‘nalishlari”ga qaratilgan. Zarbalar o‘sha kuni Ubon Ratchathani provinsiyasida Tailand qo‘shinlariga qarata o‘t ochgan kambodjalik askarlarga javoban amalga oshirilgan. Hujum oqibatida Tailand qirollik armiyasining bir askari halok bo‘lgan, to‘rt nafari yaralangan.

Mojaro kuchayishi ortidan Tailand to‘rt chegara hududidan 385 mingdan ortiq tinch aholini evakuatsiya qilmoqda. Ularning 35 mingdan ziyodi allaqachon vaqtinchalik boshpanalarga joylashtirilgan.

Kambodja Mudofaa vazirligi esa aksincha, Tailand armiyasini Preaxvixea va Oddar Meanchey viloyatlaridagi Kambodja qo‘shinlariga hujum qilishda aybladi. Kambodja rasmiylariga ko‘ra, Tailand harbiylari hatto ibodatxonalarni ham tank bilan o‘qqa tutgan. Shunga qaramay, Kambodja javob o‘qini uzmaganini bildirdi.

Ma’lumot o‘rnida, Tailand va Kambodja o‘rtasida yuz yildan beri davom etib kelayotgan bahs 800 kilometrdan ortiq chegaraning demarkatsiyasi bilan bog‘liq. Mojaroning markazida Preaxvixea hindu ibodatxonasi majmuasi hamda Tailand, Kambodja va Laos chegaralari tutashgan “Zumrad uchburchagi” deb ataluvchi hudud turadi. Nizo mustamlakachilik davrida chizilgan noaniq chegaralar sabab kelib chiqqan.

Chegara mojarosining avvalgi kuchayishi o‘tgan yozda kuzatilgan edi. Otishmalar asosan shimoliy hududlarda boshlangan, keyin janjal Janubiy Xitoy dengizi bo‘yidagi mashhur Pattaya kurortiga qadar kengaygan. Besh kun davom etgan janglarda kamida 43 kishi halok bo‘lgan, 300 mingga yaqin odam uyini tark etishga majbur bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donal’d Tramp ikki davlatni darhol o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan edi. Oktyabr oxirida AQSH vositachiligida tomonlar uzoq muddatli tinchlik shartnomasini imzolagandi. Biroq Tailand bir oy oldin chegara yaqinida mina portlashi oqibatida ikki askar yaralangani haqida xabar bergach, ushbu bitimni amalga oshirishni vaqtincha to‘xtatganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp armiya Otishma Tailand Hujum Kambodja

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing