Tramp telefon qo‘ng‘irog‘i bilan Tailand-Kambodja nizosini to‘xtatmoqchi
Olam
−
10 dekabr 792 3 daqiqa
Bugun, 10 dekabr kuni Tailand va Kambodja o‘rtasidagi urushning uchinchi kuni davom etmoqda. Donal’d Tramp mojaroga barham berish uchun ikki davlat rahbarlariga telefon orqali murojaat qilishini ma’lum qildi. Bu haqda Tramp kecha, 9 dekabr kuni Pensilvaniyadagi mitingda aytdi.
Ma’lum qilinishicha, 9 dekabr kuni Tailand Tashqi ishlar vaziri jurnalistlarga bergan intervyusida chegaradagi mojaro bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun “hech qanday imkoniyat ko‘rmayotganini” va uchinchi tomon vositachiligi ham samara bermasligini ma’lum qildi. Kambodja Bosh vazirining bosh maslahatchisi Xun Manet esa mamlakat “istalgan vaqtda muzokara qilishga tayyor” ekanini bildirdi.
9 dekabr kuni Pensilvaniyada miting o‘tkazgan Tramp Janubi-sharqiy Osiyoda avj olgan mojaroni to‘xtatishdan oldin, o‘zi yordam bergan boshqa davlatlar o‘rtasidagi keskinliklarni esga oldi. U Pokiston-Hindiston, Isroil-Eron o‘rtasidagi urush xavflarini yumshatishda muhim rol o‘ynaganini alohida keltirib o‘tdi.
“Men buni “Kambodja-Tailand” mojarosi, deb atashni yoqtirmayman. Bu bugun boshlandi va ertaga men qo‘ng‘iroq qilishim kerak bo‘ladi. Telefon qilib, ikkita juda kuchli davlat, Tailand va Kambodja o‘rtasidagi urushni to‘xtataman, deb kim ayta oladi?”, dedi Tramp.
Tramp avval ham har ikki davlat rahbarlari bilan suhbatlashgan. Iyul oyidagi to‘qnashuvlar kamida 48 kishining hayotiga zomin bo‘lgan va ikki davlat o‘rtasidagi so‘nggi yillarda kuzatilgan eng katta mojaro sifatida baholangandi. O‘shanda AQSH prezidenti Donald Tramp Osiyodagi qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi besh kunlik iyul janglarini to‘xtatishda vositachilik qilgandi.
Ma’lumot o‘rnida, Tailandning o‘tgan oy oktyabr sammitida kelishilgan deeskalatsiya choralarini bekor qilganidan so‘ng vaziyat keskinlashgan. Bangkokning ma’lum qilishicha, tailandlik askar Kambodja tomonidan qo‘yilgan yangi mina portlashi oqibatida jarohatlangan, Kambodja bu ayblovni rad etgan. Shundan so‘ng har ikki davlat chegaraga yaqin hududlardan yuz minglab odamlarni evakuatsiya qilgan.
Kambodja Mudofaa vazirligi 8 dekabrdan beri to‘qqiz nafar tinch aholi halok bo‘lgani, 20 nafari og‘ir yaralangani haqida ma’lum qildi. Tailand esa to‘rt nafar askari halok bo‘lganini, 68 nafari yaralanganini bildirdi.
Tailand maqsadlardan biri sifatida “qo‘shni davlatning hujum uyushtirish qobiliyatini yo‘qotish” ekanini ochiq aytdi. 8 dekabr kuni yuqori martabali general armiyaning maqsadi “Kambodjaning harbiy salohiyatini uzoq muddatga zaiflashtirish” ekanini ta’kidlagan.
9 dekabr yarim tunda Kambodja Mudofaa vazirligi esa o‘z qo‘shinlari faqat mudofaa choralarini ko‘rishga majbur bo‘layotganini aytib, Tailandni “tinch aholi yashaydigan hududlarni artilleriya bilan shafqatsiz nishonga olishda” aybladi. Bangkok bu ayblovlarni rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, 8 dekabr kuni Tailand va Kambodja o‘rtasida to‘qnashuv boshlangani haqida xabar berilgandi.