BAAda Eronga aloqador terrorchi tashkilot yo‘q qilindi
Olam
−
21 aprel 2368 2 daqiqa
Kecha, 20 aprel kuni Abu-Dabida Davlat xavfsizlik xizmati Eronning “Viloyat al-faqih” tizimi bilan aloqador terror tashkilotining a’zolarini qo‘lga oldi. Bu haqda “Emirates News Agency” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ular milliy birlikka putur yetkazish va davlat barqarorligini izdan chiqarishga qaratilgan yashirin faoliyat bilan shug‘ullangan. Mamlakat hududida rejalashtirilgan terrorchilik va sabotaj harakatlarini amalga oshirishni ko‘zlagan.
Tergovlar jarayonida tashkilot a’zolari ichki xavfsizlikka tahdid soluvchi ekstremistik va terroristik g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlagan. Ular yashirin uchrashuvlar orqali odamlarni o‘z safiga jalb qilish va yollash ishlarini olib borgan. Tashqi kuchlar bilan muvofiqlashtirilgan holda muhim ob’ektlarga kirib borishni maqsad qilgan.
Shuningdek, tashkilot a’zolari mamlakat ichida va tashqarisida yashirin yig‘ilishlar o‘tkazib, shubhali terrorchi guruhlar bilan aloqada bo‘lgani aniqlangan. Ular yoshlarni chalg‘ituvchi g‘oyalar bilan ta’sirlash, ularni xorijiy kuchlar manfaatlariga xizmat qilishga undash, davlatning tashqi va ichki siyosatiga qarshi targ‘ibot olib borish hamda mamlakat obro‘sini pasaytirishga uringan. Bundan tashqari, noqonuniy yo‘llar bilan mablag‘ yig‘ib, uni shubhali xorijiy tashkilotlarga yuborgan.
Tashkilot a’zolariga qo‘yilgan ayblovlar orasida yashirin tashkilot tuzish va uni boshqarish, xorijiy kuchlarga sadoqat bildirish, milliy birlik va jamiyat tinchligiga zarar yetkazish kabi jinoyatlar mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Isroilning Mossad razvedka xizmati foydasiga josuslik qilganlikda ayblangan erkakni qatl etgandi.
Live
Barchasi