BAAda Rossiya-Ukraina muzokaralarining ikkinchi bosqichi kutilmoqda
Olam
−
04 fevral 845 2 daqiqa
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatishga qaratilgan tinchlik muzokaralarining ikkinchi bosqichi yaqin kunlarda Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Muzokaralar AQSH vositachiligida tashkil etiladi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar qildi.
Uchrashuvda BAA, AQSH, Rossiya va Ukraina vakillari ishtirok etadi. Asosiy masala Rossiya tomonidan bosib olingan Sharqiy Ukrainadagi hududlarning kelajakdagi taqdiri.
Muzokaralar Rossiyaning Ukrainaga so‘nggi dron va raketa hujumlari fonida o‘tkazilishi aytilmoqda. Ushbu hujumlar Ukraina energetika infratuzilmasiga zarar yetkazib, sovuq ob-havo sharoitida elektr va isitish tizimlarida uzilishlarga sabab bo‘ldi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyani avval erishilgan energetika ob’ektlariga hujum qilmaslik kelishuvini buzganlikda aybladi.
O‘tgan oy Abu-Dabida muzokaralarning birinchi bosqichi bo‘lib o‘tgandi. Bu AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tashabbusi bilan Moskva va Kiyev o‘rtasida o‘tkazilgan ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara hisoblanadi.
Rossiya mazkur uchrashuvlarda Ukrainadan Donbass hududlaridan qo‘shinlarini olib chiqishni va bosib olingan hududlarning Rossiyaga tegishli ekanini tan olishni talab qilmoqda. Ukraina esa front chizig‘ini muzlatish tarafdori bo‘lib, hududlardan voz kechishni rad etmoqda hamda xavfsizlik kafolatlarini talab qilmoqda.
Ukraina delegatsiyasiga Xavfsizlik kengashi raisi Rustam Umarov, Rossiya tomoniga esa harbiy razvedka rahbari Igor Kostyukov boshchilik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ukrainaga yana hujum qilgani, buning ortidan mamlakatda elektr energiya va isitish tizimi izdan chiqqani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi