“Barselona” – “Real Madrid”: El Klasiko, La Liga tarixi, Valverde va Mbappe

Tahlil

image

Nafaqat ispan futbolining, balki dunyoning ikki giganti “Barselona” va “Real Madrid” 10 may kuni Ispaniya La Ligasi doirasidagi 264-El Klasiko bahsida to‘qnash keladi. Bu mumtoz to‘qnashuv har galgidek dunyoni o‘ziga qaratib, ikkiga bo‘linishga majbur qilishi esa inkor qilib bo‘lmas haqiqatdir.

Bu safargi uchrashuv Kataloniya mezbonligida, ayniqsa keskin muhitda o‘tishi kutilmoqda. Agar ruhan tushkun holatdagi, turli ichki muammolar girdobida yurgan qirollik klubi o‘zining eng asosiy raqibiga bu safargi bahsda nafaqat mag‘lub bo‘lishi, balki shu orqali liga chempionligini o‘zlari topshirishi ham mumkin. Albatta, bu qaymoq ranglilarga naqadar alamli bo‘lsa, raqiblarga shu qadar yoqimli holat bo‘lishi turgan gap. Har ikki jamoa ham UEFA Chempionlar ligasida chorak finalda mag‘lub bo‘lganidan keyin, ulardagi yagona kurashuv motivi mana shu La Liga chempionligini hal qiluvchi El-Klassiko bo‘lib turibdi. Quyida o‘yin oldidan asosiy mavzular va 124 yillik raqobat tarixi haqida ozroq to‘xtalib o‘tamiz.

Kilian Mbappe “Barselona”ga qarshi o‘ynaydimi?

Kilian Mbappening maydonga tushish-tushmasligi yakshanba kungi o‘yin atrofida boryotgan asosiy mavzulardan biri bo‘lib turibdi. Fransiyalik hujumchi son mushaklaridagi jarohat sabab El Klasikoni o‘tkazib yuborish ehtimoli katta. 27 yoshli forvard bu mavsum Ispaniya chempionatida 24 gol bilan to‘purarlar ro‘yxatini boshqarmoqda. “Malorka” hujumchisi Vedat Muriki 21 ta gol bilan ikkinchi o‘rinda. Mavsumning jarohat sabab yakunlagan “Barselona” futbolchisi Lamin Yamal esa 16 ta gol bilan uchinchi o‘rinda.

Oxirga vaqtlarda tarmoqlarda juda ko‘p muxlislar tomonidan hujumchining klubdan ketishi kerakligi haqida tez-tez ovozlar yangramoqda. “Diktator”ning ketishini istaganlar oz emas. Ular allaqachon erkin ovozlarini to‘plab ham qo‘ygan. Hujumchining gollarga boy mavsumi o‘tyotgan bo‘lsa ham, uni sotib yuborishni talab qiluvchi petitsiya 33 milliondan ortiq imzo to‘plagan. U ikki mavsum avval Parij klubidan “Real”ga o‘tgan edi.

Federiko Valverde bilan nima bo‘ldi?

So‘nggi o‘yinlarda istalgan pozitsiyasida ham jamoa uchun borini beryotgan Federiko Valverde El Klasikoda aniq ishtirok etmaydi. 7 may kuni mashg‘ulot paytidagi janjaldan keyin yarim himoyachi shifoxonaga yotqizilgan. 27 yoshli urugvaylik futbolchi jamoadoshi Orelen Tchuameni bilan mashg‘ulot paytidagi janjalli to‘qnashuvdan keyin boshidan jarohat olgani haqida OAVlar bong urmoqda. Futbolchining o‘zi esa buni rad qilgan. U jamoadoshi bilan kelishmovchilik bo‘lganini tan olgan, ammo jarohat tasodifiy yiqilish oqibatida ekanini ta’kidlagan.

“Real” voqea bo‘yicha ichki tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi va har ikki futbolchiga nisbatan intizomiy ish ochdi. Tchuameni Klassikoda o‘ynay olishi yoki yo‘qligi hozircha noma’lum.

Chempionlikka yarim qadam

Alvaro Arbeloa boshqaryotgan “Real” amaldagi chempion Xans-Diter Flik jamoasidan 11 ochko ortda qolmoqda. Mavsum yakuniga esa to‘rt tur qolib, shuning hal qiluvchisi oldindagi El-Klassiko bo‘lib turibdi. Bordiyu, bu mumtozda madridliklar g‘alaba qozonolmasa, “Barselona” o‘z stadionida azaliy raqibini yengib chempionlikni rasman qo‘lga kiritadi.

El Klasiko nima degani?

“El Clasico” atamasi ilk bor 1960 yillarda Ispaniya gazetalarida mamlakatning ikki eng katta klubi o‘rtasidagi o‘yinlarga nisbatan qo‘llanilgan. Uning oddiy tarjimasi – “Mumtoz bahs”. O‘sha paytdayoq bu uchrashuv sportdagi eng keskin derbilardan biri sifatida qabul qilingan.

Avvalroq “Viejo Clasico” (“Eski klassika”) atamasi “Real Madrid” va “Atletik Bilbao” o‘rtasidagi bahsga nisbatan ishlatilgan. Tarixan bu Ispaniya futbolidagi eng ko‘p o‘tkazilgan uchrashuv bo‘lgan. Keyinchalik “Barselona” mamlakatning eng yirik klublaridan biriga aylangach, El Klasiko atamasi ommalashgan.

1990 yillarda raqobat yangi darajaga chiqqan. Yoxan Kroyf boshqargan “Barselona” dunyodagi eng xavfli jamoalardan biri edi. Shu bilan birga, “Real”da Zinedin Zidan, Ronaldo va Devid Bekxem kabi yulduzlar to‘plangan “Galaktikos” tarkibi shakllangan. Keyinchalik Pep Gvardiola va Joze Mourinyu qarama-qarshiligi, shuningdek Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu raqobati El Klasikoni yanada mashhur qildi.

Birinchi El Klasiko qachon bo‘lgan?

“Barselona” va “Real Madrid” klublari o‘rtasidagi ilk uchrashuv 1902 yil 13 may kuni Copa de la Coronacion musobaqasida bo‘lib o‘tgan. O‘sha bahsda katalon klubi Madridda Madrid FC (keyinchalik “Real Madrid”)ni 3:1 hisobida mag‘lub etgan.

Kim ko‘proq g‘alaba qozongan?

O‘zaro bahsda bu ikki raqiblar bir-biri bilan “quvlashmachoq” o‘ynashini statistik sonlardan ham ko‘rish mumkin.124 yillik raqobat davomida ikki jamoa o‘rtasida 261 uchrashuv o‘tkazilgan. Ularning 106 tasida qirollik klubi g‘alabaga qo‘lga kiritgan bo‘lsa, “Barsa” hisobidagi zafarlar soni 105 ta. Qolgan o‘yinlarda durrang qayd etilgan

La Liga taxtidagi “qirol” esa o‘z nomiga mos qirollik klubi – “Real Madrid”. Qaymoq ranglilar o‘z ligalarida 36 marta chempion bo‘lgan. “Barselona” esa ayni kunlarda 28-chempionlik uchun kurashmoqda.

El Klasiko tarixida kim eng ko‘p gol urgan?

  1. Lionel Messi – 26 gol (“Barselona”)
  2. Alfredo Di Stefano – 18 gol (“Real”)
  3. Krishtianu Ronaldu – 18 gol (“Real”)
  4. Karim Benzema – 16 gol (“Real”)
  5. Raul – 15 gol (“Real”)

So‘nggi beshta El Klasiko natijalari:

  • 2026 yil 11 yanvar – Ispaniya Superkubogi finali: “Barselona” 3:2 “Real”
  • 2025 yil 26 oktyabr – La Liga: “Real” 2:1 “Barselona”
  • 2025 yil 11 may – La Liga: “Barselona” 4:3 “Real”
  • 2025 yil 26 aprel – Ispaniya Kubogi finali: “Barselona” 3:2 “Real”
  • 2025 yil 12 yanvar – Ispaniya Superkubogi finali: “Real” 2:5 “Barselona”

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Barselona Val'verde Messi Ronaldu La Liga Mbappe gol g'alaba Real Madrid El Klasiko

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing