“Barselona” yetakchisi uzoq muddatga safdan chiqdi
Sport
−
24 Sentabr 2787 1 daqiqa
Ispaniyaning “Barselona” jamoasi yarim himoyachisi Gavi tizzasidagi jarohati tufayli operatsiya qilinganidan keyin 5 oyga safdan chiqdi. Ispaniyalik futbolchining maydonga qaytishi 2026 yilning boshiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
“Gavi tizzasidan olgan jarohatini bartaraf etish uchun artroskopiya operatsiyasidan o‘tdi. Tiklanish muddati taxminan 5 oyni tashkil qiladi”, deyiladi klub bayonotida.
Ma’lumot uchun, Gavi “Barselona” safida jami 155 ta o‘yinda maydonga tushib, 10 ta gol urgan va 18 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Futbolchining jarohati “Barselona”ga jiddiy muammo tug‘dirishi mumkin, sababi jamoa yarim himoyachisi Fermin Lopes ham jarohati sabab 3 haftaga safdan chiqqan. Tayanch yarim himoya pozitsiyasida o‘ynovchi Mark Bernal esa xochsimon jarohati sabab 1 yillik davolanishdan so‘ng endigina safga qaytgan.
“Barselona” joriy yilning 25 dan 26 sentyabrga o‘tar kechasi “Real Ovedo” mehmoni bo‘ladi. 1 dan 2 oktyabrga o‘tar kechasi UEFA Chempionlar ligasida Fransiyaning PSJ jamoasini o‘z maydonida qabul qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Gavi ham 2023 yilning noyabr oyida xochsimon paylari jarohatlangani uchun 1 yillik davolanishdan so‘ng, o‘tgan mavsumning oktyabr oyida so‘ng safga qaytgan edi.