Belgiya Toshkentda elchixona ochmoqchi

Jamiyat

image

Belgiya qirolligi Toshkent shahrida elchixona ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bugun, 14 noyabr kuni mamlakat Tashqi ishlar vaziri Maksim Prevot ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, Markaziy Osiyo katta strategik imkoniyatlarni taqdim etadi, xususan, Transkaspiy yo‘lagi (“yangi Ipak yo‘li”)ni rivojlantirish orqali.

“Bu tez sur’atlarda kengayib borayotgan mintaqa bo‘lib, unda Belgiya o‘z mavqeini yanada kuchliroq namoyon qilishi kerak. Shuningdek, bu yuqori salohiyatga ega hudud bo‘lib, Xitoy, Rossiya, Pokiston, Hindiston, Eron va Afg‘oniston bilan chegaradosh muhim geosiyosiy makonda joylashgan”, deydi Maksim Prevot.

Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo kelgusi o‘n yillikda “katta rivojlanish bo‘ronini boshdan kechiradigan mintaqaning kelajagiga strategik sarmoya” hisoblanadi. Bir qator xorijiy davlatlar buni allaqachon anglab yetgan va bu yerga katta miqdorda investitsiya kiritmoqda.

Shu sababli Belgiya O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida elchixona ochishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi va Belgiya qirolligi o‘rtasida diplomatik aloqalar 1992 yil 10 martda o‘rnatilgan. O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi birinchi elchixonasi esa 1995 yil iyun oyida ochilgan. Bungacha Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat Qozog‘istonning Ostona shahrida Belgiya elchixonasi mavjud bo‘lgan. Toshkentda esa faxriy konsullik faoliyat yuritadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyi oxirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  Bryussel shahriga rasmiy tashrif doirasida Laken saroyida mamlakat qiroli Filipp bilan uchrashgandi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent elchixona Bel'giya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing