Belarus AQSH bilan mahbuslar bo‘yicha muzokara boshladi
Olam
−
26 noyabr 1021 2 daqiqa
Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan yaqinlashish harakatlarini kuchaytirmoqda va buning uchun kamida yana 100 nafar siyosiy mahbusni ozod etishga tayyorlanayotgani aytilmoqda. Bu haqda Minsk va Vashington o‘rtasidagi muzokaralar bo‘yicha vaziyatni biladigan uchta manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Lukashenko bu yil bir necha bosqichda o‘nlab mahbuslarni, jumladan, taniqli muxolifatchi Sergey Tixonovskiy va xorijliklarni ozod qilgan. Endi esa amerikalik rasmiylar bitta kelishuv doirasida 100 dan ortiq odamning ozod qilinishiga erishmoqchi. Bu masala so‘nggi kunlarda muhokama qilingan. Biroq ikki hafta avval Donald Tramp 50 kishining “ozod etilishiga intilayotgani”ni bildirgan.
Huquqni himoya qilish tashkilotlari ma’lumotiga ko‘ra, Belarus qamoqxonalari 1000 dan ortiq siyosiy mahbusni o‘z ichiga oladi. Ularning orasida prezidentlikka sobiq nomzodlar va Nobel mukofoti sovrindorlari ham bor. Kimlar ozod qilinishi va qachon bu sodir bo‘lishi hozircha noma’lum.
Tramp Belarus bo‘yicha maxsus elchi etib o‘zining sobiq advokati Jon Koulni tayinlagan. U joriy yilning sentyabr oyida 52 nafar siyosiy mahbusning ozod etilishi bo‘yicha Lukashenko bilan kelishuvga erishishda yordam bergan. Ba’zi amerikalik amaldorlarning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyatining Belarus bilan hozirgi aloqalari uning Rossiya bilan bog‘liqligini susaytirish va imkon qadar uni Moskvaning geosiyosiy ta’sir doirasidan uzoqlashtirishga qaratilgan uzoq muddatli va kengroq strategiyaning bir qismi hisoblanadi.
Ammo Litva Tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budrisga ko‘ra, so‘nggi ikki oy ichida Belarusdan Litvaga meteorologik sharlar yordamida kontrabanda ko‘lamining oshishi Minskning AQSH bilan kelishuvga erishish imkoniyatlarini zaiflashtirishi mumkin. Uning aytishicha, bu harakatlar NATO va Yevroittifoq a’zosiga nisbatan gibrid hujum bilan barobar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belaruslik Aleksandr Lukashenko 31 nafar Ukraina fuqarosini afv etgandi. Qaror Donald Tramp va Lukashenko o‘rtasidagi kelishuvlar doirasida, shuningdek, “Ukraina tomonining iltimosi asosida – Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida kelishuvga erishish uchun shart-sharoit yaratish maqsadida” qabul qilingan.
Live
Barchasi