Belarus sharlari sababli Litva aeroportlari yopildi

Olam

image

Kecha, 24 oktyabr kuni Litvaning Vilnyus va Kaunas shaharlaridagi aeroportlar Belarusdan uchib kelgan meteozondlar (ob-havoni o‘lchash uchun ishlatiladigan sharlar) paydo bo‘lgani sababli vaqtincha faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda mamlakat aeraportlari X sahifasida xabar berildi.

“Bugun oqshom Kaunas va Vilnyus aeroportlaridagi parvozlar vaqtincha to‘xtatildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bunga meteorologik zonflar sabab bo‘lgan. Cheklovlar soat 22:00 gacha amal qiladi”, deyiladi xabarda. 

Transport vazirligi vakili LRT telekanaliga parvozlar tungi soat 2:00 gacha to‘xtatilganini bildirgan.

Bugun, 25 oktyabr kuni erta tongdan aeroportlar yana ishga tushirilgan va birinchi reyslar amalga oshirilgan.

OAVga ko‘ra, meteorologik sharlar Belarusdan uchib kelgan. Litva Bosh vaziri Inga Ruginene bu hodisa munosabati bilan mamlakatning Belarus bilan chegaradagi qolgan ikki nazorat punktini ham 25 oktyabr tushgacha yopilishini aytgan. 

“Milliy xavfsizlik komissiyasi kelasi hafta yana yig‘ilib, bu qarorlarning oqibatlarini baholaydi va qisqa muddatda kontrabandachilar hamda ularni qo‘llab-quvvatlayotgan Lukashenko rejimiga jiddiy zarba berish uchun yana qanday choralar ko‘rish mumkinligini aniqlaydi”, degan vazir. 

Litva rasmiylarining aytishicha, bu oktyabr oyida poytaxt aeroportida yuz bergan uchinchi shunday holatdir.

22 oktyabr kuni ham xuddi shunday sabab bilan Vilnyus aeroporti 8 soatdan ortiq vaqtga yopilgan edi. Oqibatda 4 ming yo‘lovchiga mo‘ljallangan 30 ta reys ko‘chirilgan.

Joriy yilning 4 oktyabr kuni ham havo hududi 25 ta Belarusdan kelgan shar sababli vaqtincha yopildi. Mahalliy OAVga ko‘ra, bunday sharlar ko‘pincha kontrabanda maqsadida ishlatiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya harbiy samolyotlari Litva havo hududini buzib, xalqaro huquqlarni chetlab o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Litva Belarus' Vil'nyus Kaunas

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing