Birinchi Rossiya-Arab sammiti qoldirildi
Olam
−
09 Oktabr 6498 1 daqiqa
Joriy yil 15 oktyabr kuni Moskvada o‘tkazilishi rejalashtirilgan birinchi Rossiya-Arab sammiti keyinga qoldirildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun, 9 oktyabr kuni davlat tashrifi bilan Tojikistonda bo‘lib turgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Iroq Respublikasi Bosh vaziri, Arab davlatlari ligasi sammitining amaldagi raisi Muhammad Sudaniy bilan telefon orqali suhbat qilgan.
“Suhbat davomida 15 oktyabr kuni Moskvada o‘tkazilishi rejalashtirilgan birinchi Rossiya–Arab sammiti muhokama qilindi. AQSH Prezidenti Donald Trampning G‘azo sektoridagi normallashtirish bo‘yicha rejasi faol amalga oshirila boshlaganini hisobga olgan holda, Vladimir Putin va Muhammad Sudaniy ushbu vaziyatda ko‘plab arab davlatlari rahbarlarining shaxsan Moskvaga kelishlari qiyin bo‘lishini ta’kidladi. Shu bois, tilga olingan Rossiya–Arab sammitini keyinroq, qo‘shimcha kelishiladigan muddatga ko‘chirish maqsadga muvofiq deb topildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Rossiya va Iroq tomonlari yangi sana haqidagi ma’lumotni diplomatik kanallar orqali barcha arab davlatlari poytaxtlariga yetkazadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Isroil va Falastinning HAMAS harakati G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejasining birinchi bosqichi bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgan edi. Kelishuvga ko‘ra, asirlar eng qisqa muddatda ozod etiladi, Isroil qurolli kuchlari esa oldindan belgilangan chiziqqacha orqaga chekinadi.
Live
Barchasi