Bishkekda blekaut sodir bo‘ldi
Olam
−
18 iyun 9637 2 daqiqa
Bugun, 18 iyun kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida keng ko‘lamli elektr ta’minoti uzilishi – blekaut sodir bo‘ldi. Bu haqda “Vesti.kg.” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, shahar aholisi kuchlanish avvaliga keskin tushib ketgani, so‘ng butunlay yo‘qolgani haqida xabar bergan. Elektr energiyasi bo‘yicha uzilishlar butun Chuy viloyatini ham qamrab olgan.
Mamlakat Energetika vazirligi elektr ta’minoti uzilishini podstansiyadagi avariya bilan izohlagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, elektr bosqichma-bosqich qayta uzatilmoqda.
“24.kg” nashrining xabar berishicha, Qozog‘iston bilan chegaradosh hududlarda ham elektr yo‘q, shu sababli odamlar chegara postlaridan o‘tkazilmayapti.
Shuningdek, “NESK” OAJ tarmog‘ida yuzaga kelgan avariyali holat tufayli “Bishkek IEM” va “Bishkekteploset” kommunal korxonalarining mutaxassislari issiqlik ta’minotini normallashtirish ustida tiklash ishlarini olib bormoqda.
Shahar hokimligi elektr stansiyasi yuklamasini oshirish va issiqlik tarmoqlarining gidravlik rejimini tiklash choralarini ko‘rayotganini bildirgan. Quvvatni qayta to‘liq tiklash vaqt talab qiladi, shuning uchun 24 soat davomida iste’molchilarda issiq suv harorati sezilarli darajada pasayishi mumkin.
Shuningdek, shahar hokimiyati aholidan vaziyatni tushunishni so‘rab, issiq suv ta’minotini tez orada barqarorlashtirish uchun barcha kuchlar safarbar etilganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Yevropaning Ispaniya, Portugaliya va Fransiya kabi mamlakatlarining ayrim qismlarida elekt energiyasi uzilib qolgandi. Oqibatda svetoforlar, liftlar, metro va tramvaylar ishlamay qolgan.
Kecha, 17 iyun kuni Ispaniya Ekologiya va demografiya vazirligi ushbu blekaut sabablarini o‘rganish natijalarini taqdim etdi. Unga ko‘ra, elektr tarmog‘idagi nosozlik “ko‘p faktorli” bo‘lgan, biroq bunga qandaydir kiberhujum sabab bo‘lmagani aniq. Vazir Sara Aagesenning xabar berishicha, asosiy sabablar texnik va tashkiliy xususiyatga ega.
Live
Barchasi