Bloger “Abdulloh” Prezidentga tajovuz qilishda aybdor deb topildi
3-sahifa
−
21 avgust 23580 2 daqiqa
“Abdulloh” nomi bilan tanilgan bloger Yugay Valeriy 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 1999 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan bloger jinoyat ishlari bo‘yicha Nurafshon shahar sudining hukmi bilan Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2-qismi va 158-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Bildirilishicha, birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqli.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq uning Abu Dabi-Samarqand reysi orqali O‘zbekiston Respublikasi hududiga keltirilib, huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan protsessual tartibda ushlangani va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangani xabar qilingan edi. Bloger 2024 yilning oktyabr-noyabr oylarida Koreya Respublikasida bo‘lib turgan vaqtida o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali millatlararo nizo keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan, milliy qadriyatni tahqirlovchi hamda diniy e’tiqodga ko‘ra, fuqarolarni kamsituvchi so‘zlar bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan qator haqoratli chiqishlar qilib borgan.
Live
Barchasi