BMT AQSHning Eronga hujum dag‘dag‘asidan xavotirga tushdi
Olam
−
16 yanvar 1576 2 daqiqa
BMT Eron bo‘ylab ehtimoliy harbiy zarbalarni nazarda tutuvchi turli ommaviy bayonotlarni xavotir bilan qayd etmoqda. Bu haqda kecha, 15 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishida Bosh kotib yordamchisi Marta Pobi so‘z ochdi.
Uning fikricha, Eronga kutilayotgan tashqi hujum shundoq ham portlash xavfi bo‘lgan vaziyatga beqarorlik qo‘shadi. Shu bois u taraflarni maksimal darajada vazmin bo‘lishga chaqirdi.
“Bosh kotib hamon Eronning barcha muammolari, jumladan yadroviy masala va davom etayotgan norozilik namoyishlari bilan bog‘liq xavotirlarni diplomatiya va muloqot orqali hal qilish eng yaxshi yo‘l ekaniga ishonch bildirmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Pobi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti odamlarning qurbon bo‘lishiga olib kelishi yoki mintaqaviy keskinlikni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan tiyilish kerakligini eslatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 14 yanvar kuni “Reuters” agentligi yevropalik manbalarga tayanib, AQSH 24 soat ichida Eronga zarba berishini ma’lum qilgandi. Eron esa qo‘shni davlatlarni ogohlantirib, agar AQSH tomonidan hujum uyushtirilsa, ular o‘z hududida joylashgan Amerika harbiy bazalariga zarba berishini bildirgan. Shundan so‘ng Vashington Yaqin Sharqdagi bazalaridan harbiylarning bir qismini olib chiqish haqida qaror qabul qilgan.
“The New York Times” nashri esa, amerikalik rasmiylarga tayanib, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Trampdan Eronga qarshi harbiy zarbalarni vaqtincha kechiktirishni so‘ragani haqida yozdi.
Live
Barchasi