BMT Eronda inson huquqlari buzilishi bo‘yicha tergov boshlamoqchi
Olam
−
24 yanvar 1071 2 daqiqa
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Eronda norozilik namoyishlarining shafqatsizlarcha bostirilishi hamda inson huquqlarining buzilishi yuzasidan tergov o‘tkazishga qaror qildi. Bu haqda kecha, 23 yanvar kuni “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Eronning BMTdagi missiyasi Inson huquqlari kengashining ushbu qarorini “siyosiylashtirilgan rezolyutsiya” deb atab, tashqi aralashuvni qat’iyan rad etgan. Bayonotda Eron tomoni “so‘nggi voqealarning asl sabablarini” aniqlash uchun mamlakatda mustaqil va samarali javobgarlik mexanizmlari mavjudligini bildirgan.
Rezolyutsiyani Fransiya, Meksika va Janubiy Koreya kabi 25 ta davlat qo‘llab-quvvatlagan. Xitoy va Hindiston boshchiligidagi 7 ta davlat qarshi ovoz bergan, yana 14 tasi betaraf qoldi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Eron-Kanada fuqarosi, sobiq BMT prokurori Payam Axavan bu voqealarni “Eronning zamonaviy tarixidagi eng dahshatli ommaviy qotillik” deb atagan.
Eronning Jenevadagi BMTdagi elchisi Ali Bahreyni esa Kengashning favqulodda sessiyasi qonuniy emasligini bildirgan va Tehron ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar davomida qariyb 3 ming kishi halok bo‘lganini aytgan.
Shu bilan birga, Eron rasmiylaridan biri kamida 5 ming kishi, jumladan, xavfsizlik kuchlarining 500 nafar xodimi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. AQSHda joylashgan HRANA huquqni himoya qilish tashkiloti esa hozirga qadar tartibsizliklar bilan bog‘liq 4 519 ta o‘lim holatini tasdiqlaganini, yana 9 049 ta holat tekshiruvdan o‘tayotganini bildirgan.
Xitoy, Pokiston, Kuba va Efiopiya ham Inson huquqlari bo‘yicha sessiyaning samaradorligiga shubha bildirgan. Xususan, Xitoyning BMTdagi elchisi Jia Gayd Erondagi voqealarni “ichki ishlar masalasi” deb baholagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT rahbari Eronda namoyishchilarga qarshi haddan tashqari kuch ishlatilgani haqidagi xabarlardan chuqur xavotir bildirgandi. BMT mamlakat aholisining so‘z erkinligi, uyushmalar va tinch yig‘ilishlar o‘tkazish huquqini hurmat qilish zarurligini ta’kidlab kelmoqda.
Live
Barchasi