Xomanaiy AQSHga tahdid qildi
Olam
−
02 fevral 14134 2 daqiqa
Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSH tomonidan Eronga hujum qilinadigan bo‘lsa, urush mintaqaviy tus olishi haqida ogohlantirdi. U bu haqda kecha, 1 fevral kuni Tehrondagi qarorgohidan xalqqa murojaat qilib, Islom inqilobining 47 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqida aytdi.
Xomanaiyning so‘zlariga ko‘ra, amerikaliklar shuni bilib qo‘yishi kerakki, agar ular urush boshlasalar, bu safar mojaro faqat ikki davlat bilan cheklanib qolmaydi, balki butun mintaqaga yoyiladi.
U AQSH ma’muriyati tomonidan vaqti-vaqti bilan yangraydigan urush haqidagi bayonotlar, harbiy samolyotlar va kemalar tilga olinishi yangi holat emasligini ta’kidlagan. Xomanaiyning aytishicha, ilgari ham amerikaliklar bir necha bor tahdid qilgan, “barcha variantlar stol ustida”, jumladan harbiy yo‘l ham borligini aytishgan.
Shu bilan birga, u Eron urush boshlash tarafdori emasligini va hech bir davlatga hujum qilish niyati yo‘qligini aytgan. Ammo agar kimdir Eronga hujum qilib, zarar yetkazsa, Eron xalqi bunga juda qattiq javob berishini ta’kidlagan.
Xomanaiy mamlakatda bo‘lib o‘tgan ko‘cha namoyishlari voqealarini davlat to‘ntarishiga urinishga o‘xshatgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuz bergan tartibsizliklar to‘ntarishga o‘xshash bo‘lgan va u barbod etilgan. U bu harakatlarning maqsadi mamlakatni boshqaruvchi muhim va ta’sirli markazlarni yo‘q qilish bo‘lganini aytgan.
Shu sababli, namoyishlar chog‘ida hujumlar politsiya bo‘limlariga, davlat muassasalariga, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi shtablariga, banklarga va masjidlarga qaratilganini, Qur’on yoqib yuborilganini aytgan. Xomanaiyning fikricha, bu harakatlar mamlakatni boshqaruvchi markazlarga zarba berishga qaratilgan bo‘lib, davlat to‘ntarishiga urinishni eslatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Hormuz bo‘g‘ozida ikki kunlik harbiy mashg‘ulotlar boshlanishini e’lon qilgandi. Bu mashg‘ulotlar mintaqada harakatlanayotgan AQSH texnikalari yaqinida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. AQSH Qurolli kuchlarining Yaqin Sharqdagi Markaziy qo‘mondonligi Eron harbiylariga ogohlantirish bilan chiqqan. Unda AQSH tomoni amerikalik harbiy kemalar ustidan xavfli parvozlar yoki Eron katerlarining to‘qnashuv yo‘nalishida yaqinlashuvi kabi manevrlarga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan.