BMT Isroilning G‘azodagi harakatlarini “genotsid” deb tan oldi

Olam

image
BMT xodimlari G‘azodagi harakatlarni “genotsid” deb tan olishni talab qildi north_east

BMT xodimlari G‘azodagi harakatlarni “genotsid” deb tan olishni talab qildi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin hududi bo‘yicha mustaqil xalqaro tergov komissiyasi Isroilning G‘azodagi harakatlarini “genotsid” deb tan oldi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Hisobotda aytilishicha, Isroil hukumati G‘azo sektoridagi falastinliklarning reproduktiv qobiliyatini guruh sifatida qisman yo‘q qildi, shu jumladan, tug‘ilishning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘lladi va falastinliklarni ataylab jismonan yo‘q qilishga intildi.

Komissiyaning asosiy xulosalari:

  • Tel-Aviv Jinoyatning oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiyada belgilangan beshta genotsid aktidan to‘rttasini amalga oshirdi, Isroilning harakatlari 1948 yildan beri eng shafqatsizdir;
  • Isroil harbiylari quyidagilarda ayblanmoqda: falastinliklarni o‘ldirish, to‘liq qamal qilish, gumanitar yordamni to‘sib qo‘yish, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimini yo‘q qilish, jinsiy va gender zo‘ravonlik qilish, bolalar, diniy va madaniy ob’ektlarga hujum qilish;
  • Mamlakat rahbarlari, jumladan, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu genotsidni qo‘zg‘atgan va uning oldini ololmagani uchun javobgardir;
  • Isroil ocharchilik siyosatini to‘xtatib, qamalni olib tashlashi va insonparvarlik yordamiga to‘siqsiz kirishiga ruxsat berishi kerak;
  • Boshqa davlatlar Isroil Mudofaa kuchlarining G‘azo va bosib olingan hududlardagi harakatlarini to‘xtatish uchun barcha vositalardan foydalanishi kerak.

Isroil Tashqi ishlar vazirligi esa BMT hisobotini rad etib, u “HAMAS yolg‘onlari”ga asoslanganini aytdi. Vazirlik, shuningdek, xalqaro komissiyani tarqatib yuborishga chaqirdi.

“Isroil bu buzib ko‘rsatilgan va yolg‘on hisobotni qat’iyan rad etadi hamda bu tergov komissiyasini zudlik bilan bekor qilishga chaqiradi”, deyiladi vazirlik munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 sentyabr kuni Xalqaro genotsid tadqiqotchilari assotsiatsiyasi (International Association of Genocide Scholars – IAGS) olimlari e’lon qilgan bayonotda Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlari genotsid mezonlariga mos kelishi aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

genotsid BMT Isroil G'azo sektori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing