Bog‘chada bolalarga yana kuygan shirinlik yedirildi

3-sahifa

image

QALAMPIR.UZ’ga Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 6-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchilarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatsiz ekani, iste’molga yaroqsiz bo‘lgan pishiriqlar berilayotgani va masalliqlar taomlarga ko‘rsatilgan tartibda solinmayotgani yuzasidan murojaat kelib tushdi.

Murojaatchining aytishicha, ushbu holat muntazam ravishda takrorlanib keladi va faqat tekshiruv kelishdan oldin ovqat me’yori oshib, sifati yaxshilanadi.

Mazkur murojaat yuzasidan Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, murojaatni o‘rganish maqsadida bugun, 8 oktyabr kuni tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari hamda tuman Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilgan.

O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, holat joriy yilning 16 sentyabr kuni tushlik vaqtida sodir bo‘lgan. Ya’ni, tarbiyalanuvchilarga tarbiyachi J.E. oshpaz A.E. tomonidan tayyorlanib berilgan, pishirish davomida iste’molga yaroqsiz holga keltirilgan shirinliklarni tushlik uchun bergan. Bu holatga bevosita guvoh bo‘lgan va tashkilotda faoliyat yuritayotgan xodim S.P. “bulochka”larni yig‘ib olib, bolalar iste’moliga bermagan va doimiy ravishda sodir bo‘layotgan bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida ta’minotchilarni ogohlantirgan.

Bundan tashqari, shu kungi iste’molga yaroqsiz mahsulotlarni tekishirish jarayonida tashkilot hamshirasi D.H. ularni “sifatli, iste’molga yaroqli” deb hujjatlarga qayd qilgan.

O‘rganishlar yakunida autsorsing tomonidan ishga qabul qilingan oshpaz A.E.ning ish jarayonida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari va mas’uliyatsizligi sababli autsorsing rahbari tomonidan ishdan bo‘shatilgan.

6-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari S.M.ning nazoratsizligi sababli yuzaga kelgan holat sababli unga ogohlantirish berilgan. Tashkilot hamshirasi D.H.ga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Ayni paytda 6-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining ovqatlanish tizimi hamda mahsulotlar sifati nazorati tuman Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimlari tamonidan to‘liq nazoratda. Kamchiliklar bartaraf etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq QALAMPIR.UZ’ga Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi 1-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarga sifatsiz va aynigan oziq-ovqat mahsulotlari berilayotgani bo‘yicha murojaat kelib tushgandi. Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha  va maktab ta’limi boshqarmasi munosbat bildirib, autsorsing – “Proof food” MCHJ korxonasi rahbariyati ogohlantirilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Bog'cha Yuqori Chirchiq kuygan shirinlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing