Bog‘chadagi zaharlanish ortidan 2 ming bola ko‘rikka olindi. Shifoxonalar to‘lgan (video)

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar ommaviy zaharlangani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, jami 1922 nafar, shu jumladan, bemor bolalar bilan muloqotda bo‘lgan boshqa bolalar ham tibbiy ko‘rik bilan qamrab olingan, ulardan 959 nafarida hech qanday klinik belgilar bo‘lmagani uchun darhol uylariga javob berib yuborilgan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.

Qolaversa, 269 bolaga davolanishdan so‘ng uyiga javob berilgan. Hozirgi kunda esa Toshkent viloyatidagi shifoxonalarda 694 bola davolanmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, ularning 13 nafari o‘rtacha og‘ir ahvolda.

Qayd etilishicha, bugun, 27 sentyabr kuni ham 421 bolaga ahvoli yaxshilangani sababli uyga javob berish rejalashtirilgan.

Bildirilishicha, bemor bolalarga malakali yordamlar ko‘rsatish maqsadida Toshkent shahridagi 17 ta ixtisoslashtirilgan muassasalardan 100 dan ortiq olim, mutaxassislar, professorlar jalb etilgan.

Vazirlikda tashkil etilgan shtab xulosasiga ko‘ra, bemor bolalarga o‘tkir gastroenterit tashxisi qo‘yildi. Bu kasallik og‘ir yoki hayot uchun xavfli toifaga kirmaydi va asoratsiz o‘tib ketadi.

Qo‘shimcha qilinishicha, vazirlik qoshida tashkil etilgan maxsus shtab har uch soatda videokonferensaloqa tizimi orqali Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida amalga oshirilayotgan davolash-profilaktika tadbirlarini muhokama qilib bormoqda. Lozim bo‘lgan joylarda maslahat va ko‘rsatmalar berib turilibdi.

“Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan joylarda epidemiologik surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda. Olingan namunalarning laboratoriya tekshiruvlari davom etmoqda. Natijasi haqida qo‘shimcha axborot beriladi”, degan Nurmat Otabekov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu holat ortidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangandi

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib borilgan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Nurmat Otabekov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing