Bog‘chalarda ommaviy zaharlangan bolalar haqida qo‘shimcha ma’lumot berildi (video)

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar ommaviy zaharlangani haqida xabar berilgan edi. Ayni vaqtda 182 nafar bola shifoxonalarda davolanishda davom etmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.

Shtab faoliyatida ishtirok etayotgan maxsus komissiya vakillarining xulosasiga ko‘ra, bemorlarning barchasiga o‘tkir gastroenterit tashxisi qo‘yilgan.

Otabekovning qayd etishicha, bu kasallik aksariyat hollarda ikki-uch kun davom etadigan va to‘g‘ri davolash muolajalari amalga oshirilsa, tezda davolanib ketadigan kasalliklar toifasiga kiradi. Shu munosabat bilan bemorlar tez kunlarda sog‘ayib, uylariga qaytmoqda va bu ijobiy dinamika davom etyapti. Ularning ahvoli yengillashgan, avvalroq o‘rtacha og‘irlikda deyilgan bolalarning holati ham yaxshilangan, birorta og‘ir ahvoldagi bemor qolmagan.

“Barcha bolalarning davolanish jarayoni davlat nazoratida. Bolalarning sog‘ayish dinamikasi ijobiy tendensiya bilan davom etyapti”, dedi Nurmat Otabekov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu holat ortidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangandi.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib borilgan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov 26 sentyabr kuni jami 1922 nafar, shu jumladan, bemor bolalar bilan muloqotda bo‘lgan boshqa bolalar ham tibbiy ko‘rik bilan qamrab olingan, ulardan 959 nafarida hech qanday klinik belgilar bo‘lmagani uchun darhol uylariga javob berib yuborilganini aytgandi. Qolaversa, 269 bolaga davolanishdan so‘ng uyiga javob berilgan. O‘shanda Toshkent viloyatidagi shifoxonalarda 694 bola davolanayotgan edi. Ularning 13 nafari o‘rtacha og‘ir ahvolda edi.


Maqola muallifi

Teglar

bolalar ommaviy zaharlanish Nurmat Otabekov Bog'chalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing