Bolalar o‘limi, Epshteynning o‘zbekistonlik “qiz do‘sti” va qotilliklar - Hafta tahlili
Tahlil
−
08 fevral 1892 16 daqiqa
1 yoshli qizini o‘ldirgan ota qamaldi. Erkak 9 yashar qizi doktor aybi bilan o‘lganini aytmoqda. U bolasining qabrini ochishga ham rozi. Firibgarlar avjida, 15 million o‘zbekistonlikning ma’lumoti sotilayotgan bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, narx qancha? Opasiga sms yozgan yigitni bo‘yniga pichoq tiqqan uka qamaldi. Davlat byudjeti hisobidan iqtidorli o‘quvchilar o‘rniga farzandlarini xorijga yuborgan samarqandlik mulozimga chora ko‘rildi.
Bu haftda 4 ta o‘zbek qizining taqdiri bilan bog‘liq turli va ayanchli voqealar muhokama markaziga chiqdi. Ketma-ket barchasiga to‘xtalamiz. Ulardan eng dahshatlisi Farg‘onada sodir bo‘lgan. Unda ota o‘zining bir yoshli qizini pichoqlab o‘ldirgan. Bu vaziyatda ota so‘zini ishlatish bir oz qiyin, to‘g‘risi. Harholda “dada” degan nomni biologik jihatdan ko‘pchilik olishi mumkin. Ammo, ota maqomiga har kim ham erisha olmaydi. Isbotini ko‘p ko‘ryapmiz.
To‘plangan sud hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, erkak hamda uning xotini o‘rtasida o‘zaro tushunmovchilik sababli janjal yuzaga kelgan. Urush davomida erkak go‘yoki ayolidan qasd olish maqsadida himoyasiz, ojiz va ikki kap-katta odamning o‘zaro kelishmovchiligiga zig‘ircha ham aybdor bo‘lmagan bolasiga pichoq tiqqan. Qizaloq shifoxonaga olib borilgan, tezkor tibbiy yordam ko‘rsatilgan, biroq baribir alamzada kimsaning qurboniga aylangan.
Holat jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida ko‘rib chiqildi. 31 yoshli mavjudodga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismining “v” bandi bilan 17 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Farg‘onada ota o‘z qo‘li bilan qizini go‘rga tiqqan bo‘lsa, Qashqadaryoda erkak 9 yoshli qizining qabrini ochishga ham rozi bo‘lmoqda. Bu orqali u farzandi kasallik tufayli emas, shifokorlarning aybi sabab vafot etganini isbotlamoqchi.
Gap shundaki, QALAMPIR.UZ’ga Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani Qamashi qishlog‘ida yashovchi fuqarodan murojaat kelib tushgan edi. Unda erkak 2016 yilda tug‘ilgan farzandiga 8-sonli poliklinika shifokorlari tomonidan noto‘g‘ri ravishda antibiotik osma ukol qilingani, buning oqibatida qizi vafot etganini bildirgan.
Ekspertiza xulosalarini o‘rganib chiqdik. Unda esa jiddiy ziddiyatlar mavjud: birinchi xulosada o‘lim sababi oshqozon bilan bog‘liq deb ko‘rsatilgan, ikkinchi xulosada yurak xastaligi qayd etilgan, uchinchi xulosada esa jigar sirrozi degan tashxis yozib berilgan.
Marhumaning otasi ham ushbu xulosalarni keskin rad etib, qizi sog‘lom bo‘lgani, faqat o‘sha kuni banan yeb, ortidan suv ichgani uchun qorni og‘rib poliklinikaga borgani, bungacha qizining sog‘ligida hech qanday muammo bo‘lmaganini aytmoqda. Ushbu voqealar fonida Zohidjon Baratov aybdorlar o‘z jazosini olishi uchun qizining qabrini ochishga ham roziligini bildirdi.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lumot berishicha, mazkur holat yuzasidan Kasbi tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, 30 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (Reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.
Biroq, QALAMPIR.UZ holatni o‘rganishni boshlagandan so‘ng mazkur qaror va to‘plangan hujjatlar nazorat tartibida o‘rganilib, joriy yilning 2 fevral kunida jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi qaror bekor qilingan va tergovga qadar qo‘shimcha tekshiruv harakatlari tashkillashtirilgan.
Yana bir jinoyat ishi ochilishiga va 3 yoshli qizning o‘limiga sabab bo‘lgan yong‘in haqida yana gapirishga majburmiz. O‘tgan haftaning so‘ngida, 31 yanvar kuni Yashnobod tumanidagi “Aviator” savdo-ko‘ngilochar markazida chiqqan yong‘inning qora tutuni Toshkent osmoniga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, deyarli butun O‘zbekiston xalqining yuragini zulmatga to‘ldirdi.
Voqea sodir bo‘lgan joyga tezkorlik bilan yetib borgan hamkasblarimiz, guvohlarni suhbatga tortdi. Ular alamli hamda jiddiy e’tibor qaratish kerak bo‘lgan kamchiliklar haqida gapirishdi. Olov bolalar maydonchasining shift qismida kelib chiqqan. Dastlab kichik chaqnash bo‘lgani, keyin esa hamma yana o‘z ishida davom etavergani haqida aytganlar ham bor.
Shaxsini ochiqlashni xohlamagan guvohning aytishicha, o‘t chiqqanidan keyin juda qisqa vaqt ichida bino qora tutunga to‘lgan, hech narsa ko‘rinmay qolgan. Ota-onalar farzandlarini olib chiqish uchun o‘zlarini ichkariga otgan, bolalar esa vahimada nima qilishlarini bilmay qolgan. Bu paytda binoda suv purkovchi uskunalar ishlamagani, favqulodda vaziyatlarda chiqish yo‘laklarini ko‘rsatuvchi belgilar bo‘lmagani, umuman binoda bunday ehtimoliy vaziyatlarga tayyorgarlik yetarli darajada emasligini boshqa bir guvoh aytib o‘tdi.
2 fevral kuni, mazkur holat yuzasidan “nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotda mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish” va “yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bu falokatdan so‘ng ko‘plab fuqarolarda turli ko‘ngilochar va savdo markazlariga borishda xavotir kuchaydi. Ijtimoiy tarmoqlar fikrlar va talablarga to‘ldi. Shu sabab, 5 fevral kuni Toshkent shahri hududida odamlar gavjum bo‘lishi mumkin bo‘lgan binolarning favqulodda vaziyatlar, xususan, yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan tekshiruvlar o‘tkazildi.
Natija esa xavotirli. 7 ta tumanda jami 10 ta ko‘ngilochar savdo majmualarida yong‘in xavfsizligi qoidalarining qo‘pol ravishda buzilgani aniqlangan. Keltirilishicha, mazkur kamchiliklar insonlar hayoti va salomatligiga jiddiy xavf solgan. Shu sababli, belgilangan tartibda ushbu aniqlangan kamchiliklar to‘liq bartaraf etilguniga qadar ob’ektlarning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Nazorat kuchaytirilishi yaxshi, ammo mana shunday reydlar qilinishi, tekshiruvlar amalga oshirilishi uchun, albatta kimdir qurbon bo‘lishi shartmidi? Mas’uliyat paydo bo‘lishi uchun kimdir olov ichida qolishi kerakmidi? Savollar ko‘p, biroq hozir O‘zbekistonda “o‘t balosi” deb ta’riflanadigan mavzudan, dunyo miqyosida katta shaxs sifatida tan olinganlarning “obro‘sini yoqib, kulga aylantirayotgan” Epshteyn hujjatlariga o‘tamiz. Batafsil emas, o‘zbeklarga aloqador qismiga.
Bolalarni zo‘rlash, pedofillar uchun ziyofat tashkil qilish va ko‘plab boshqa jirkanch ishlarda aybalanayotgan kimsa bilan O‘zbekiston fuqarosi ham yozishib yurgani ma’lum bo‘ldi. Dastur avvalida aytganimiz, to‘rtinchi qiz hikoyasiga ham yetib keldik. U haqida nimalar ma’lum o‘zi? Qiz Epshteyn bilan E-mail va Skype orqali gaplashib yurgani, jinsiy jinoyatlarda inson fantaziyasiga kelishi qiyin bo‘lgan darajadagi ishlarni sodir etgan shaxs bilan xabarlashgan paytida 19 yosh bo‘lgani e’lon qilingan hujjatlardan ma’lum bo‘ldi.
Qiz og‘ir muhitda yashashi, shu tufayli kuniga 2 mahal ovqat yeyayotgani, tishlarini sog‘lomlashtirish uchun briketlar kerakligi, ota-onasining kaltaklaridan to‘yib ketgani, yomon otliq qilingani, Malayziya yoki Amerikaga ketib, u yerda o‘qish istagi borligi, o‘z hayotini o‘zgartirmoqchiligi, model bo‘lish uchun harakat qilayotgani, bunga katta miqdorda pul kerakligi haqida yozgan. E’lon qilingan fayllarda intim munosabatlar, sevgi izhorlari, sog‘inch hissi haqida ham ko‘plab gaplar bor. Bundan tashqari, Epshteyn uni o‘z do‘stlari bilan bo‘ladigan ayrim “uchrashuvlar”ga tayyorlagan, u bu uchrashuvlarda tashqi ko‘rinishi bilan yoqishi kerak bo‘lgan.
Qizning “Men senga va do‘stlaringga yoqish uchun bor kuchimni sarflayapman. Burunda zirak yo‘q, makiyaj ham yo‘q” deb yozgan xabarining rasmlari ham e’lon qilindi. Qolaversa, Epshteyn qizga 25 ming AQSH dollari yuborgani va xorijdagi safarlari uchun avibilet xarajatlarini qoplagani ham ma’lum bo‘ldi.
Bu ma’lumotlar oshkor bo‘lgach, o‘zbek jamiyatida turli munosabatlar urchiydi. Qizni haqorat qilayotganlar, ayblayotganlar va uni tushunishga harakat qilayotganlar ham bor. Ammo, bir narsani unutmaslik kerak. Epshteyn eng katta jinoyatchi va u aloqa o‘rnatgan qiz hamda ayollarning barchasi jabrlanuvchi. Ulardan foydalanilgan!
QALAMPIR.UZ jamoasi qizning bundan qariyb 10 yil avval Chilonzor tumanida yashagani, Toshkentdagi Westminster universiteti va Kuala-Lumpurdagi Staffordshirye universitetida elektron tijorat yo‘nalishida tahsil olgani, Parijda kinorejissura kursini tamomlagani, qurilish kompaniyasida hududiy menejer va tarjimon, shuningdek, ingliz tilidan repetitor bo‘lib ishlaganini aniqladi.
Bir necha kundan beri o‘zbek auditoriyasidagi asosiy savolga aylangan bu masala bo‘yicha jurnalist Aziza Qurbonova ham ochiq ma’lumotlarni qidirgani va uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasini topganini ma’lum qildi. Qurbonovaning aytishicha, qiz hozir O‘zbekistonda xotirjam va tinch hayot kechiryapti.
Epshteynga aloqador, ommaga chiqarilayotgan hujjatlar butun dunyoni shok holatiga tushirayotgan paytda o‘zbekistonliklar shaxsiy ma’lumotlari xakkerlar qo‘liga tushib qolganidan xavotirda.
3 fevral kuni 15 milliondan ko‘proq O‘zbekiston fuqarolarining ma’lumotlari Darknetga chiqib ketgani haqidagi xabar tarqalgani yodingizda bo‘lsa kerak. Fuqarolar ma’lumoti tarqab ketishi joriy yilning 15–31 yanvar kunlari onlayn shaklda o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlari yakunlanishi bilan sodir bo‘lgani ko‘plab savollarni keltirib chiqardi. Va bu farazda mantiq ham bor. Harholda 15 mln fuqaro haqidagi yirik ma’lumotlar bazasi istalgan joydan topiladigan narsa emas. Ammo Statistika qo‘mitasi ro‘yxatga olish uchun to‘plangan barcha ma’lumotlar alohida serverlarda shifrlangan holda saqlanayotganini ma’lum qildi. Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari to‘liq himoyalangani, ro‘yxatga olish jarayonida hech bir fuqaroning fotosurati olinmagani va ma’lumotlar bazasiga rasm yuklanmagani ham qayd etildi.
Aholi vakillarining hammasi ham bu rasmiy munosabatga ishonib yubormayapti. Chunki ayrim savollar haligacha ochiq qolmoqda. Ma’lumotlar tarqalganiga kim javob beradi? Sabab va oqibatlar qanday? Xavf darajasi qancha? Bu kabi savollarga javob topish uchun QALAMPIR.UZ “Ma’lumotlaringiz sotilyapti” sarlavhasi bilan alohida tahliliy material tayyorlagan. Uni tomosha qilishingiz mumkin. Unda bir necha yil avval Senat saytini buzib kirgan 15 yoshli o‘smirlar haqida ham eslatib o‘tilgan. Ha aytgancha, Senatning shu haftada o‘tkazilgan yalpi majlisida ko‘pchilik kutgan gaplar aytildi.
Senator Abdusaid Ko‘chimov rossiyalik propagandistlarga keskin javob qaytardi. “Bizga tahdid soladigan har qanday kuchga, akillagan har qanday laycha yoki qashqirga qarshi o‘z joyida qat’iy javob berishimiz kerak”, dedi u. Senator nutqida shoir Abdulla Oripovning “Karvon¨ she’ri satrlariga ishora qilib, millat va davlat manfaatlarini himoya qilishda murosasizlik tamoyilini ta’kidlagan.
O‘zbekiston tomoniga aytilgan har qanday salbiy gapga mana shunday keskin javob berilishi kerak! Bu ishni shunchaki jamoatchilik faollari o‘zining Instagram yoki Telegram sahifasida bajarib kelayotgandi. Rasmiy tarzda Tashqi ishlar vazirligi darajasida qat’iy javobni ko‘rmagandik. Endi Oliy Majlis senatining yalpi majlisida bu mavzu muhokama qilingani, albatta quvonarli holat.
Tashqi siyosatga o‘tamiz. Joriy yil, 5 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Islomobodga bordi. Pokiston havo hududida oliy martabali mehmonning samolyotiga ushbu mamlakat Harbiy havo kuchlarining qiruvchi uchoqlari hamrohlik qildi. Pokistonda bu harakat diplomatik aloqlarda yuqori darajadagi hurmatni anglatadi. “Nurxon” aeroportida davlatimiz rahbarini Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy, Bosh vazir Shahboz Sharif va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri strategik sheriklikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdilar.
Tashrifi doirasida Islomoboddagi ko‘chalardan biriga Toshkent va yangidan barpo etiladigan bog‘ga Zahiriddin Muhammad Bobur nomini berish marosimi tashkil etildi. Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universitetining faxriy doktori va professori unvonlarini berish marosimi bo‘lib o‘tdi.
6 fevral kuni esa “Ayvoni Sadr” qarorgohida O‘zbekiston yetakchisiga “Nishoni Pokiston” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Prezident Asif Ali Zardoriy Pokistonning oliy mukofotini O‘zbekiston rahbariga tantanali ravishda topshirdi.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda tashqi siyosat bobida anchagina faol. 4 fevral kuni Saida Mirziyoyeva ham Abu-Dabidagi global forumda ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” xalqaro mukofoti taqdirlash marosimi doirasida o‘tkazilgan global forumning ochilish marosimida nutq so‘zladi.
“Insoniy birodarlik majlisi” deb nomlangan yirik anjumanda xorijiy mamlakatlarning birinchi xonimlari, Nobel mukofoti sohiblari, BMT agentliklari va yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, BAA va Ko‘rfaz davlatlarining yuksak martabali siyosatchilari, vazirlar va davlat arboblari, shuningdek, texnologiya hamda sun’iy intellekt etikasi sohasidagi yetakchi olimlardan iborat 150 nafar nufuzli mehmon ishtirok etgan.
Kuchli jamiyat shakllanishi uchun butun xalq birgalikda harakat qilishi juda muhim. Ayniqsa, bu yo‘lda mas’ullar va lavozim egalari o‘ziga berilgan imkoniyatdan shaxsiy manfaati uchun emas, adolat me’zonida qaror qabul qilishi katta ahamiyatga ega. Bu kabi gaplar aqllilik qilishdek tuyulsa-da, rad qilib bo‘lmas haqiqat. Isboti bilan gapiramiz.
Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbariyati tomonidan Rossiyaga yuborilgan xizmat safarida ishtirok etishi lozim bo‘lgan iqtidorli o‘quvchilar o‘rniga ayrim mansabdor shaxslarning yaqin qarindoshlari jo‘natilgan.
Boshqarma rahbari Muzaffar Hamdamov rasmiy delegatsiya tarkibiga o‘z o‘g‘li va jiyanini qo‘shib yuborgan. Bu haqda samarqandlik bloger va faol Xayrulla Mamasoliyev ma’lum qildi.
“Bo‘lsang vallomatning bolasi bo‘l ekan-da, byudjetdan kelgan tortni ham sen yeysan, pecheneni sen yeysan, ja qorning to‘ymay qolsa, qora xalqning qo‘lidagi nonni ham sen yeysan, yashavor Vasiliy, shovvoz...”, deb yozgan u.
Qiziq jihati shundaki, mulozim ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarida bu ish noto‘g‘ri va hatto gunoh ekanini bilmaganini yozgan. Uning gaplarini haqiqatda afsus emas, kesatish sifatida qabul qilganlar ko‘p.
“Mening o‘g‘lim borgan tadbirda ishtirok etgan! Yonida jiyanim ham borgan. Afsusdaman! Shunchalik katta gunohligini bilganimda ruxsat bermasdim! Ulug‘bekning aybi boshqarma boshlig‘ining o‘g‘li ekani. Noto‘g‘ri, mening o‘g‘lim Ulug‘bekning borishi noto‘g‘ri! Unga borish xayf. To‘g‘ri aytyapsizlar! U bola hamma qatori a’lochimas! U bola, mening o‘g‘lim, aytganimni qilib borgan, borgisi kelmasa ham borgan! Tan olaman, noto‘g‘ri borgan”, deb yozgan Hamdamov.
Holat muhokamalarga sabab bo‘lgach, tekshiruv o‘tkazilgan. Qiziq tomoni, bu jarayonda, xorijga yuborilgan 8 nafar o‘quvchining yarmidan ko‘pi boshqarma rahbari hamda boshqa mas’ul xodimlarning farzandlari bo‘lgan. Bu holat davlat byudjeti mablag‘laridan noto‘g‘ri foydalanilganini ko‘rsatadi. Shu sabab Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi rahbari Akmal Burxonov qonunbuzarlarga nisbatan chora ko‘rilganini ma’lum qildi. Ko‘rilgan choralar doirasida mahalliy byudjetga 28 million so‘m mablag‘ qaytarilgan.
Maktablarda haqiqiy a’lochilar va iqtidorlilar o‘rniga boshqalar qo‘llab-quvvatlanishi, albatta achinarli hol. Ammo, bu vaziyatga umuman aloqador bo‘lmagan, biroq adolat yuzasidan yana bir savol paydo bo‘ladi. Qaysidir rahbarning farzandi rostdan ham bilimli va zukko bo‘lsa, ya’ni yuqoridagi kabi delegatsiya tarkibiga kirishga munosib bo‘lsa unda qanday yo‘l tutiladi? Olib ketilsa, otasi yoki onasinining amali sabab deb ko‘riladi. Olib ketilmasa, sinfdagi eng a’lochisi u. Qiziq holat. Ehtimol mana shunday vaziyatlarda yesa ham, yemasa ham og‘zi qonligi aytiladigan bo‘rining tasviri xayollarimizda paydo bo‘ladi.
Bizning maktablardaku yakunlanayotgan haftada mana shunday muammo yuzaga chiqdi, ammo xorijdagi ilm dargohlarida haqiqatda qonli janjallar yuzaga keldi.
Rossiyada 9-sinf o‘quvchisi o‘qituvchi va sinfdoshlariga avtomatdan o‘q uzdi. Xodisa 3 fevral kuni sodir bo‘lgan. 15 yoshli o‘smir darsga plastik pnevmatik avtomat bilan kirib, o‘qituvchi va uch nafar sinfdoshiga bir necha marta o‘q uzgan hamda petarda portlatgan. Hodisa oqibatida hech kim vafot etmagan. Sabab sifatida esa sinfdoshlarining unga nisbatan yomon munosabati ko‘rsatildi.
Xuddi shunga o‘xshash voqea 6 fevral kuni Ozarbayjonda ham sodir bo‘ldi. Poytaxt Baku shahridagi xususiy maktab o‘quvchisi otasining ov quroli bilan o‘qituvchisini otib qo‘ydi. Ustoz o‘rta darajada jarohat olgan.
Qozog‘iston G‘arbidagi Kulsari shahridagi maktabda esa 10-sinf o‘quvchisi tengdoshlariga bolta bilan hujum qildi. Hodisa oqibatida ikki maktab o‘quvchisi yengil jarohat olgan. O‘sha kunning o‘zidayoq o‘smir hibsga olingan. Aniqlanishicha u sinfdoshlari tomonidan mazax qilingani uchun shunday yo‘l tutgan. Hodisaning barcha ishtirokchilari va ularning ota-onalari politsiya bo‘limiga olib ketilgan, huquqni muhofaza qilish organlari bezorilik moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Ha, zamon nozik. Hamma agressiyada.
Xorazm viloyatida ham opasiga ishqiy mazmundagi uyatsiz sms xabarlar yozgan tanishining bo‘yniga pichoq tiqqan erkak qamaldi. Hujjatlarga ko‘ra 28 yoshli erkak Rossiyada ishlab yurgan paytida, 2025 yilning iyun oyi oxirida opasi unga yig‘lab murojaat qilgan. Mahalladoshi anchadan beri unga ishqiy mazmundagi xabarlar yozib bezovta qilayotgani, hatto jinsiy yaqinlik taklif qilganini aytgan. Shu kundan boshlab erkak qasd olishni reja qilib yurgan.
Iyul oyida O‘zbekistonga qaytgan sudlanuvchi, 2025 yil 28 iyul kuni 01:45 atrofida jabrlanuvchining oldiga borib, mashinasiga mindirgan va suhbat orasida unga tashlangan. Jabrlanuvchining bo‘yin sohasiga bir marta pichoq bilan zarba bergan. Ikkinchi zarbani berishga uringan paytda esa mahalladoshi himoyalanib, qochib qolgan.
Jabrlanuvchiga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilgani sababli uning hayoti saqlab qolingan. Sud-tibbiy ekspertizasiga ko‘ra, olingan jarohatlar inson hayoti uchun o‘ta xavfli bo‘lgan va agar pichoq bir oz chuqurroq sanchilganida, o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan. Erkak Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Sizga ham so‘nggi vaqtlarda jinoyatlar soni ko‘paygandek tuyulayotgan bo‘lsa kerak. Buni statistika ham tasdiqlaydi. Tahlillarga ko‘ra, 2025 yilda 23 973 nafar yoshlar jinoyat sodir etib, sudlangan. Toshkent shahri va Toshkent viloyatlarida eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan. Bu haqda Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari – Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Alisher Usmonov ma’lum qildi.
Hisobot davrida firibgarlik, avtoavariya, o‘g‘rilik va giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar eng ko‘p sodir etilgan. Ma’lumot uchun, 2431 nafar 14 dan 17 yoshgacha bo‘lganlar 972 ta o‘g‘rilik, 152 ta bezorilik, 101 ta talonchilik, 73 ta o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish va boshqa jinoyatlar sodir etgani uchun sudlangan. Kelajak kimning qo‘lida deb savol berilsa, birinchi bo‘lib ko‘rsatiladigan yoshlarning ayrimlari mana bugun nima bilan band!
O‘zbekistonda oilaviy nizolar soni ham ortib bormoqda. Qayd etilishicha, 2024 yilda 119 ming, 2025 yilda 134 mingdan ortiq oilaviy nizolar sudda ko‘rib chiqilgan. Hisobot davrida ko‘rilgan ishlar o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 12 foizga ko‘paygan.
Ammo shukrki yarashtirish ishlari ham bor. O‘tgan yil davomida ajrashish yoqasiga kelib qolgan 5 235 ta oilalar yarashtirilgan. Biroq, bu ham xavotirli masala aslida. Harholda ota-onalar va boshqa qarindoshlar tomonidan: “Chida endi, bitta tug‘sang hammasi yaxshi bo‘lib ketadi”, deb kelinlik uyiga qaytarilgan, go‘yoki yaqinlar tomonidan yarashtirilgan ayollarning ayrimlari oxiri o‘z joniga qasd qilganiga bir necha marotaba guvoh bo‘lganmiz.
Javobgarlikka tortish masalasida quvonchli deb aytish mumkin bo‘lgan yaxshi xabar ham bor. O‘zbekistonda endi ijtimoiy tarmoqlarda “layk” to‘plash maqsadida qilingan huquqbuzarlik uchun javobgarlik belgilanishi mumkin.
Ma’lum bo‘lishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilingan. Ushbu qonun loyihasi bilan ayrim turdagi huquqbuzarliklar, jumladan, telekommunikatsiya hamda ijtimoiy tarmoqlarda uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, obunachi ko‘paytirish maqsadida huquqbuzarliklarni sodir etib, uni tasvirga tushirgan holda internetda tarqatish, haqoratomuz shilqimlik qilish va jamoat tartibini buzuvchi boshqa shu kabi harakatlar uchun ma’muriy javobgarlikka tortilishi aytilgan. Loyiha fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Bu rostdan ham muhim masala. Hazil videolar chegarasini unutib, odamlar bilan janjal chiqarayotgan, tabiatga zarar keltirayotgan, yo‘l qoidalarini buzayotgan va so‘ngida shunchaki “prank edi” degan bahonani ortiga berkinmoqchi bo‘lganlar ko‘paygani rost. Endi ular ham aqllarini ishlatishga majbur bo‘lishadi.
Nurzodbek Vohidov
Live
Barchasi