Braziliyadagi ko‘rshapalaklarda yangi virus aniqlandi

Olam

image

Braziliya ko‘rshapalaklarida yangi virus turi aniqlandi. Uning namunalari bir vaqtning o‘zida ikki shtatda – Maranyan va San-Paulu hududlarida topilgan. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Qayd etilishicha, virusning genetik xususiyatlari COVID-19 va Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS) keltirib chiqaradigan viruslarga o‘xshash. Unga allaqachon BRZ batCoV nomi berilgan. Virus Lotin Amerikasida keng tarqalgan, hasharotlar bilan oziqlanadigan kichik turdagi ko‘rshapalaklarda topilgan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, BRZ batCoV beta-koronaviruslar oilasiga mansub bo‘lib, unga COVID-19 ( SARS-CoV-2), MERS (MERS-CoV) va atipik zotiljam (SARS-CoV) keltirib chiqaruvchi viruslar kiradi.

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, hozircha yangi virus inson uchun xavf tug‘dirmaydi. Shunga qaramay, ular bir jihatga e’tibor qaratgan – virusning sanchiqsimon oqsil qismi odam va hayvon hujayralaridagi fermentlar tomonidan parchalanishi mumkin, bu esa virusning organizmga kirishiga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson salomatligini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) rahbari Anna Popova mamlakatda SARS-CoV-2’ning yangi XFG shtammi, ya’ni Stratus tarqalayotganini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Braziliya koronavirus ko'rshapalak BRZ batCoV

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing