“Bu chora odamlarga qarshi emas”. Toshkent hokimligi bozorlardagi qoida bo‘yicha izoh berdi
Jamiyat
−
19 noyabr 4608 3 daqiqa
Avvalroq, Toshkent shahridagi bozorlar va savdo komplekslari hududida tijoriy maqsadlarda video yoki tasvirga olish uchun alohida to‘lov belgilangani haqida xabar berilgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu masala bo‘yicha noto‘g‘ri talqinlar paydo bo‘ldi. Toshkent shahri hokimligi bozorlar hududida videotasvirga olishning yangi qoidalari bo‘yicha tushuntirish berdi.
Ma’lum qilinishicha, yangi qoidalar oddiy tashrif buyuruvchilarga tegishli emas.
“Xaridlaringizni telefonga suratga olish, oila bilan rasmga tushish, shaxsiy blog yoki storislar yuritish – bepul va ruxsat etilgan. Sayyohlar, maktab o‘quvchilari, talabalar, rasmiy OAV jurnalistlariga hech qanday cheklovlar qo‘llanilmaydi. Qoidalar faqat tijorat maqsadidagi suratga olishga, ya’ni pul ishlab, daromad olish uchun mo‘ljallangan videotasvirlarni olishga taalluqli”, deyiladi poytaxt hokimligi izohida.
Shuningdek, hokimlik bu pul aynan kimlardan undirilishi haqida ham ma’lumot taqdim etgan.
“Bu muntazam ravishda reklama, integratsiya va “prosmotr”lardan pul topadigan yirik blogerlar va inflyuyenserlar, kliplar, reklama roliklari, hujjatli loyihalar, seriallar yoki filmlar suratga oladigan tijorat studiyalari va media ishlab chiqarish guruhlari, o‘z tovarlari va xizmatlarini targ‘ib qilish uchun bozor hududidan foydalanadigan kompaniyalarga taalluqli”, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, dunyoning barcha yirik shaharlarida – Istanbuldan tortib Parijgacha – tijorat maqsadidagi suratga olish uchun pul to‘lanadi, chunki bu hududni egallaydi, odamlarning harakatlanishiga xalaqit beradi, sotuvchi va xaridorlarga noqulaylik tug‘diradi, qo‘shimcha nazorat, kuzatuv va xavfsizlikni ta’minlashni talab qiladi.
“Professional jamoalar shtativlar, chiroqlar, uskunalar, massovka va aktyorlar bilan kelganda – bu maishiy tasvirga olish emas, balki ishlab chiqarish jarayonidir.
Bu o‘tish yo‘laklari, avtoturargoh va boshqa infratuzilmaga, tartibni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan bozor ma’muriyatiga, kameralar va suratga olish guruhlari tufayli faoliyati sekinlashayotgan sotuvchilarga, tashrif buyuruvchilar oqimining xavfsizligiga yuklama yaratadi”, deyiladi tushuntirishda.
Qayd etilishicha, tijorat maqsadidagi suratga olish uchun to‘lovlar rasmiy, shaffof tarzda yig‘iladi va infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Mablag‘lar quyidagilarga sarflanadi:
- Hududlarni obodonlashtirish;
- sanitariya va xavfsizlikni ta’minlash;
- piyodalar yo‘laklari va o‘tish joylarini yaxshilash;
- kuzatuv va yoritish tizimlariga xizmat ko‘rsatish.
“Bu yerda hech qanday “shaxsiy manfaatlar” yoki “cho‘ntak sxemalari” yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas”, deya qat’iy bildiradi Toshkent shahar hokimligi.
Qolaversa, hokimlik so‘nggi yillarda tijorat maqsadidagi suratga olish sezilarli darajada ko‘paygani, blogerlar va tijorat kanallari bozorlardan yuklamani qoplamagan holda, pul ishlash joyi sifatida foydalanayotgani hamda sotuvchilarning faoliyatiga xalaqit beruvchi tasvirga olishlar haqidagi shikoyatlari ko‘paygani ham shu qarorga turtki bo‘lganini bildiradi.
“Bu chora odamlarga qarshi emas, aksincha, xaridor, sotuvchi, bozorlar infratuzilmasining manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Oddiy tashrif buyuruvchilar uchun o‘zgarishlardan qo‘rqadigan hech bir jihat yo‘q. To‘lov faqat bozorni tijorat kontenti uchun daromad manbayi sifatida ishlatadiganlarga tegishli”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi