“Bu qizil chiziqlarni bosib o‘tish”. Venesuelaga hujum haqida kim nima fikrda?
Olam
−
03 yanvar 6171 4 daqiqa
Ma’lumki, bugun, 3 yanvar kuni AQSH Venesuela poytaxtiga hujum qilib, Karakasning bir qator hududlarida portlashlar sodir etdi. Davlat rahbari Nikolas Maduro AQSH armiyasining “Delta” maxsus bo‘linmasi jangchilari tomonidan qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketildi. Ayni vaqtda ko‘plab mamlakatlar AQSHning Venesueladagi harakatlarini mamlakat ichki ishlariga aralashuv va suverenitetga hujum sifatida baholamoqda.
Birinchilardan bo‘lib Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSHning Venesuelaga hujumini qoraladi. Keyinroq, bu qatorga Belarus ham qo‘shildi. Venesuela Hukumati AQSHning Karakasga qarshi tajovuziga javoban BMT Xavfsizlik Kengashining shoshilinch yig‘ilishini talab qildi.
Chili Prezidenti Gabriel Borich o‘z mamlakati AQSHning Venesuelaga qarshi hujumlarini qattiq qoralashini aytdi. U AQSHni tinch yo‘l bilan yechim topishga chaqirdi.
“Chili hukumati sifatida biz o‘z tashvishimizni bildiramiz va Venesuelada amalga oshirilayotgan AQSH harbiy harakatlarini qoralaymiz hamda mamlakatni qamrab olgan jiddiy inqirozga tinch yo‘l bilan yechim topishga chaqiramiz”, deb yozgan Borich X’da.
U mojaro zo‘ravonlik va xorijiy aralashuv bilan emas, balki muloqot orqali hal qilinishi kerakligini urg‘ulagan.
Avstriya vitse-kansleri Andreas Babler AQSHni BMT Nizomini buzishda aybladi.
“Men AQSHning Venesuelaga qurolli hujumini qoralayman. Bu hujum BMT Nizomida mustahkamlangan zo‘ravonlikdan foydalanishni taqiqlashni jiddiy ravishda buzishdir. Buni tan olish qobiliyati har bir insonning aql-idrokiga bog‘liq masala. Biz xalqaro huquq ustuvorligi tamoyillarini himoya qilishimiz kerak”, deb yozgan u o‘z murojaatida.
Shuningdek, u ayni vaqtda dunyo geosiyosiy jihatdan qanday o‘zgarib borayotgani, insoniyat ko‘z o‘ngida xalqaro tuzilmalar qanday qulab tushayotganiga guvoh bo‘layotganini aytgan
“Ayniqsa, Venesueladagi voqealar kontekstida biz, yevropaliklar, bu yangi voqelikni tan olishdan qochib qutula olmaymiz. Biz muqarrar ravishda kuch ishlatishni siyosiy vositaga aylantirmaydigan qarama-qarshi muvozanatni taklif qilishimiz kerak”, deb xulosa qilgan vitse-kansler.
Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta esa Venesuelada hokimiyatning tinch yo‘l bilan o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatladi va AQSH kuchlari tomonidan Bolivar Respublikasi Prezidenti Nikolas Maduro o‘g‘irlab ketilganidan so‘ng “xalqaro normalarga muvofiq” choralar ko‘rishga chaqirdi. Bu haqda Koshtaning matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan bayonotda aytilgan.
“Yevropa Ittifoqi vaziyatni yumshatishga va xalqaro normalarga to‘liq muvofiq ravishda hal qilishga chaqiradi. Hamjamiyat Venesuelada hokimiyatning tinch va inklyuziv o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlaydi”, deyiladi uning bayonotida.
Shveysariya rasmiylari esa AQSH ma’muriyatini Venesuela atrofidagi vaziyatni yumshatishga chaqirgan..
“Shveysariya kuch ishlatishni taqiqlash va hududiy yaxlitlikni hurmat qilish tamoyilini o‘z ichiga olgan holda, yumshatish, vazminlik va xalqaro huquqqa rioya qilishga chaqiradi”, deyiladi bayonotda.
Myunxen xavfsizlik konferetsiyasi raisi vazifasini bajaruvchi Volfgang Ishingerning fikricha, AQSHning Venesueladagi operatsiyasi Rossiya Ukrainadagi vaziyatga aralasha olmaganligi haqidagi argumentni yo‘qqa chiqaradi.
“Agar AQSH hozirda BMT mandatisiz Venesuelaga aralashayotgan bo‘lsa, unda Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashini chaqirmasdan turib, Ukrainadagi vaziyatga hech qanday tarzda aralasha olmasligi o‘zining siyosiy va xalqaro-huquqiy ahamiyatini yo‘qotmoqda, shunday emasmi?” deb yozgan u o‘zining X’dagi sahifasida.
Meksika hukumati ham AQSHning Venesuelaga qarshi zarbalarini qoraladi va BMT Nizomining buzilganini aytdi.
“Meksika hukumati so‘nggi soatlarda Qo‘shma Shtatlar Qurolli Kuchlari tomonidan Venesuela Bolivar Respublikasidagi nishonlarga qarshi amalga oshirilgan bir tomonlama harbiy harakatlarni qoralaydi va qat’iyan rad etadi, bu esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 2-moddasini ochiqchasiga buzish hisoblanadi”, deyiladi hukumat veb-saytida joylashtirilgan bayonotda.
Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva AQSHning Venesuelaga zarbalarini tanqid qilib, ularni “qizil chiziq”ni bosib o‘tish va xalqaro hamjamiyat uchun xavfli pretsedent deb atadi.
“Venesuela tuprog‘idagi portlashlar va uning Prezidentining qo‘lga olinishi qabul qilib bo‘lmaydigan chegaradan o‘tib ketdi. Bu harakatlar Venesuela suverenitetiga jiddiy haqorat va butun xalqaro hamjamiyat uchun yana bir o‘ta xavfli pretsedentdir”, deb yozgan Lula X’da.