Buxoro viloyatining birinchi hokimi vafot etdi

Jamiyat

image

1992-1994 yillarda Buxoro viloyati hokimi lavozimida faoliyat yuritgan Damir Yodgorov bugun, 4 iyul kuni uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng, 88 yoshida vafot etdi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Damir Yodgorov 1937 yil 18 fevralda Shofirkon tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatib, 1960 yilda Toshkent qishloq xo‘jaligi institutini muvaffaqiyatli tamomlagan.

Mehnat faoliyatini Toshkent qishloq xo‘jaligi instituti yoshlar qo‘mitasining kotibligi lavozimidan boshlab, uzoq yillar Yoshlar tashkiloti hamda qishloq va suv xo‘jaligi tizimidagi mas’ul vazifalarda ishlagan.

1992-1994 yillarda u Buxoro viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritgan.

Uning rahbarligida viloyatda seleksiya va urug‘chilik sohasini ilmiy rivojlantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilgan.

Xususan, O‘zbekiston paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti Buxoro filiali direktori sifatidagi mehnat faoliyati yillarida paxtaning Zarafshon vohasiga mos 10 ga yaqin iqtisodiy samarador navlari kashf etilgan.

Damir Yodgorovning hududni rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlanib, u “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimi” unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi 13 ta hududning 9 tasida hokimlar 1992 yildan vazifasiga kirishgan. Biroq ular viloyat kompartiyasi rahbari sifatida amalda o‘z hududlarini boshqargan. Faqatgina ularni lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi prezident farmoni 1992 yilda chiqqan. Damir Yodgorov ham Buxoro viloyatining birinchi hokimi bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Qahramoni Azim Latipov 74 yoshida vafot etgandi. Azim Latipov 1951 yil 6 iyun Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tavallud topgan. Mehnat faoliyatini 1971 yilda chorvachilik mexanigi sifatida jamoa xo‘jaligida boshlagan.


Maqola muallifi

Teglar

vafot etdi Buxoro viloyati hokimi Damir Yodgorov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing