Buxoroda dorifurushning uyidan 100 mingga yaqin zararli dori chiqdi

3-sahifa

image
Farg‘onada ruhiyatga kuchli ta’sir qiluvchi kofe sotayotgan shaxs ushlandi north_east

Farg‘onada ruhiyatga kuchli ta’sir qiluvchi kofe sotayotgan shaxs ushlandi

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida muqaddam sudlangan fuqaroning xonadonidan tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan 95 656 dona dori vositasi topildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, tumanda reyd tadbirlari o‘tkazilgan. Tadbir davomida 1985 yilda tug‘ilgan va muqaddam sudlangan fuqaroning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Natijada, chet elda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 34 050 dona “KETO COFFEE MIX SLIM COFFEE”, 2790 dona “SLT SLIM LUX COFFEE”, 3000 dona “HOODIA CACTUS SLIMMING COFFEE”, 720 dona “SLIM GREEN COFFEE”, 5280 dona “NATURE COMPLEX LK FAT BURNING”, 1000 dona “LAO SE LON”, 12 132 dona “FIT90 FAT BURNER”, 13 392 dona “REDUKSIN LAYT”, 23 292 dona “SINZISHOU PLUS” va boshqa turdagi dori vositalari borligi ma’lum bo‘lgan. 

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” xulosasiga ko‘ra, mazkur dori vositalari tarkibida “sibutramin” moddasi aniqlangan. Ushbu modda Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi “O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida”gi 818-sonli qaroriga ko‘ra, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Holat yuzasidan ushbu fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1 moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Bildirilishicha, olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida ushbu dori vositalarining xorijdan olib kelinishi bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. 

Ma’lumot uchun, “sibutramin” – asosan semizlikni davolashda ishlatilgan dori modda bo‘lib, u ishtahani bostiradi va to‘qlik hissini kuchaytiradi. U markaziy asab tizimiga ta’sir qilib, miyadagi serotonin, norepinefrin va dopamin miqdorini oshiradi. Shu orqali odam kamroq ovqat yeydi va vazn kamayadi. Biroq, sibutramin sog‘liq uchun bir qancha jiddiy xavflarni tug‘diradi. Avvalo, bu modda yurak-qon tomir tizimiga salbiy ta’sir qiladi – qon bosimini ko‘taradi, yurak urishini tezlashtiradi, infarkt va insult xavfini oshiradi. Bundan tashqari, asab tizimini buzishi mumkin – asabiylik, bezovtalik, uyqusizlik, ruhiy tushkunlik keltirib chiqaradi. Yana bir xavfi – psixologik jihatdan qaramlik chaqirishi mumkin, ya’ni odam uni doim iste’mol qilishni xohlayveradi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Andijon shahri va Toshkent shahrining Chilonzor tumanida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

dori G'ijduvon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing